Texnologiyalar rivojlanishiga qaramay, aholining katta qismi tana haroratini o‘lchash uchun simob termometrlaridan foydalanadi. Bu asbobni deyarli har bir uyda uchratish mumkin. U haroratni o‘lchash uchun ham arzon, ham qulay. Shu bilan birga, eng xavfli uskuna ham.

Nima uchun u xavfli? Simob tashqariga chiqib ketsa nima bo‘ladi?
Ushbu termometrlar shishadan iborat bo‘lib, simob bilan to‘ldiriladi. Qurilma ichi mutlaq vakuumdan iborat, havo yo‘q. Agar u sinsa, katta xavf paydo bo‘ladi. Xavf kichkina oyna emas, balki simobning o‘zi.
Simob asosan tibbiyot, mexanika va metallurgiyada qo‘llaniladi. Ushbu metall maxsus xususiyatlarga ega. Masalan, u havo harorati +18 daraja bo‘lsa ham bug‘lana boshlaydi. U garchi eng kuchli zahar sanalsa-da, hech qanday hid chiqarmaydi. Bug‘i odam organizmiga kirsa katta xavf soladi. 80 foiz simob tanaga bug‘ orqali kirib, qonga so‘riladi va oqsil moddalariga birikib, organizmda harakatlanadi.
Jigar, buyrak, taloq va miya to‘qimalariga yig‘iladi, bosh miya funksiyasining buzilishi (birinchi navbatda gippotalamus)ga olib keladi. Bitta termometrdagi simob 10 kishini zaharlash uchun yetadi. Simob moddasi organizmdan buyrak, ichak, ter chiqaruvchi bezlar orqali chiqib ketadi.

Simob qanday yig‘ib olinadi?
Simob to‘plari shu qadar kichikki, baʼzida ularni topib bo‘lmaydi. Agar termometr sinsa, birinchi navbatda, deraza oynalari va eshiklarni ochib, xonani shamollatish kerak. Simob moddasining bo‘lingan sharchalari tibbiyot shpritsi, qog‘oz kurakchasi yoki yumshoq tozalagich (shyotka) yordamida yig‘ib olinadi. Yig‘ib olingan simob moddasini germetik shisha idishga joylashtirish zarur.
Mexanik tozalashdan so‘ng kimyoviy zararsizlantiriladi. Yaʼni, kaliy permanganat (margansovka (KMnO4)) kukunidan 1 litr suvga 1 g. miqdorida qo‘shilib, 0,5 foizli serniy oltingugurt kislotasi (HCL) aralashmasini tayyorlab, simob to‘kilgan maydon zararsizlantiriladi. Zararsizlantirishdan keyin pol yoki mebel buyumlarda qoramtir rang qolgan bo‘lsa, uni 3foizli vodorod periksi (H2O2 3 foiz) yordamida tozalash mumkin.
Maftuna Rejabboyeva


