"UzAuto Motors" AJ tarkibiga kiruvchi tizim korxonalarda korrupsiyaga oid huquqbuzarlikning o‘z vaqtida oldini olish, aniqlanish va ularga chek qo‘yishni taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Maʼlumotlarga ko‘ra, "UzAuto Motors" kompaniyasida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha komplayens tizimi 2019 yilda xalqaro standartlar va qonunchilik tamoyillariga asosan joriy qilingan. Mutaxassislar shartli ravishda mazkur nazorat tizimi ish boshlagan davrni ikki bosqichga bo‘lishadi. Birinchi bosqichda sohani rivojlantirishga to‘sqinlik qiluvchi, korrupsiyaga moyillik va imkon beruvchi omillar hamda kompaniyada yo‘qotishlarga olib kelayotgan faktorlar aniqlab olingan.
Furqat Murodov, “UzAuto Motors” AJ nazorat xizmati rahbari:
— Davlatimiz rahbarining qarorlari bilan davlat ulushi bor tashkilotlarda komplayens tizimini joriy qilish bo‘yicha farmon chiqdi. Unda bir qancha vazifalar belgilab berildi. Olib borilgan o‘rganishlar natijasida aynan komplayens yo‘nalishida faoliyat olib borgan xodimlar tomonidan kompaniyamizga 440 mlrd iqtisodiy samara keltirdi. Bu yili davlatimiz rahbari tomonidan oldimizga belgilab berilgan vazifalar yaʼni mahsulot tan narxini 5% ga kamaytirish, import hajmini tushirish, shuningdek navbatlarni keskin kamaytirish bo‘yicha ishlashni davom etamiz.
2021 yilga kelib, komplayens tizimining ikki yillik ishlari sarhisob qilinganda 9 ta asosiy yo‘nalish, yaʼni xarid, marketing, ishlab chiqarish, xavfsizlik va raqamlashtirish kabi yo‘nalishlarda korrupsion xavflar borligi aniqlangan. Qisqa davr mobaynida kompaniya mutaxassislari guruhi o‘tkazilgan dastlabki o‘rganishlar natijasida bir qancha asossiz xarajatlarning oldini olishga muvaffaq bo‘lishgan.


