1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Ta'lim

Vazir yangi maslahatchisi — Jenisbek Piyazovdan qanday ko‘mak kutmoqda?

Maktabgacha taʼlim vaziri Agrippina Shin bilan suhbat.

Vazir yangi maslahatchisi — Jenisbek Piyazovdan qanday ko‘mak kutmoqda?

 

Argippina Shin 1958-yil 29-dekabrda Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan. Oilada yettinchi farzand. 1980-yilda Toshkent elektrotexnika aloqa instituti, hozirgi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetini tamomlagan. 2015-2019 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining aʼzosi bo‘lgan. 2017-yildan hozirgi vaqtga qadar Maktabgacha taʼlim vaziri lavozimida faoliyat yuritmoqda.

 

— Bog‘cha yoshidagi nevaralaringiz bordir. Ularning taʼlim-tarbiya olishi uchun qaysi MTTni tanlagansiz?

— Ha, albatta, hozir u 4 yoshda. Ismi Aleksey. U Toshkent shahridagi maktabgacha taʼlim tashkilotlaridan birida hamma bolalar qatori taʼlim-tarbiya oladi. Nabiram boshqa tengqurlari qatori taʼlim olishiga katta eʼtibor qarataman.

 

— 2021-yil avvalida maktabgacha taʼlim tizimida rejalashtirilgan amaliy ishlarning ijrosi qay darajada taʼminlandi?

— Muhim o‘zgarishlardan biri shundaki, davlat-xususiy sheriklik doirasida oilaviy bog‘chalar shaklida o‘qitishning muqobil modeli amalga oshirildi. Qamrov darajasi 60,9  foizdan 67, 2 foizga ortdi. Qolaversa, tizimda moliyaviy qonun buzilish va korrupsion holatlarning oldini olish maqsadida yagona axborot tizimini yaratish kabi vazifalar ham belgilangandi. Yillar davomida bu muammolarga qarshi kurashib kelyapmiz. Ammo butkul uni yo‘q qilish uchun mukammal raqamlashtirish tizimiga hanuz ehtiyoj mavjud.

 

— O‘tgan yilning birinchi yarim yilida keng targ‘ib qilingan “Aqlvoy” mobil bog‘chalari haqida, negadir, ikkinchi yarim yillikda deyarli maʼlumot berilmadi. Loyiha qanchalik o‘zini oqladi?

— “Aqlvoy” mobil guruhlari 2021-yil iyun oyiga qadar faoliyat ko‘rsatib keldi. Mazkur loyihadan ko‘zlangan maqsadga erishdik. U o‘zini oqladi, deb hisoblayman. Bugungi kunda ushbu loyiha doirasida Surxondaryo (3 ta) va Qashqadaryo (4 ta) viloyatlarida “Aqlvoy” mobil guruhlarini tashkil etish rejalashtirilgan. Buning uchun mablag‘lar ham ajratilgan.

 

— 2021-yilda vazirlik ichki audit tizimi tomonidan aniqlangan moliyaviy kamchiliklarni yana takrorlanmasligi uchun 2022-yilda qanday choralar ko‘rilmoqda?

— Joriy yilda kuzatuv kameralar orqali nazorat tizimi yana-da mukammallashtiriladi. Shu masala bo‘yicha boshqa davlat nazorat organlari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni ham rejalashtirganmiz. Bu haqida batafsil har chorakda kamida bir marotaba OAVga hisobot berib boriladi.

 

— Tizimdagi qonun buzilish holatlari, xususan, byudjet mablag‘larini talon-taroj qilish sohada ish haqqi miqdorining pastligi evaziga ham yuzaga kelmoqda. MTT xodimlarning oylik maoshlarini ko‘tarilishi bilan bog‘liq qandaydir amaliy tadbirlar ham belgilanganmi? O‘zi shu masalaga qanday qaraysiz?

— Bu bo‘yicha vazirlik tomonidan bosqichli ravishda amalga oshiriladigan loyihalar ishlab chiqilgan. Loyihaga ko‘ra, davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari direktori va pedagog xodimlari lavozim maoshlarini umumtaʼlim maktablari direktor va o‘qituvchilari lavozim maoshlariga tenglashtirish, tarbiyachi yordamchilari va oshxona xodimlari lavozim maoshlarini 50 foizdan kam bo‘lmagan miqdorda oshirish, viloyat maktabgacha taʼlim boshqarmalari va tuman (shahar) maktabgacha taʼlim bo‘limlari metodistlari lavozim maoshlarini umumtaʼlim maktabi o‘qituvchisi lavozim maoshiga tenglashtirish, rahbar xodimlar lavozim maoshlarini umumtaʼlim maktabi o‘qituvchisi lavozim maoshidan kam bo‘lmagan miqdorda oshirish, tuman (shahar) maktabgacha taʼlim bo‘limlari markazlashgan moliya-buxgalteriya xizmati xodimlari lavozim maoshlarini bir baravarga oshirish ko‘zda tutilgan. Mazkur loyiha to‘liq shakllantirilgandan keyin qaror loyihasi tayyorlash bo‘yicha Hukumatga tegishli takliflar kiritiladi.

 

— Bugun MTTlarida faoliyat yurituvchi xodimlarning aksari oliy maʼlumotga ega emas. Shu masalaga ham to‘xtalsangiz.

— To‘g‘ri taʼkidladingiz. Hozirgi kunda tizimda faoliyat olib borayotgan pedagog kadrlarning 33,8 foizi oliy maʼlumotli hisoblanadi. Shuni inobatga olgan holda, joriy yilda Maktabgacha taʼlim vazirligi Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi bilan hamkorlikda tayyorlov guruhlari hamda qisqa muddatli o‘quv kurslari muntazam tashkil etib boriladi. 2022 yilda jami 17 288 nafar pedagog kadrlarning malakasini oshirish rejalashtirilgan.

 

— MTTlarini sifatli qo‘llanma va darsliklar bilan taʼminlash bo‘yicha qanday yangiliklar bor?

 

— Janubiy Koreya mutaxassislari bilan hamkorlikda YUNIСEF xalqaro bolalar jamg‘armasi ko‘magi bilan “O‘zbekiston Respublikasining ilk va maktabgacha yoshdagi bolalar rivojlanishiga qo‘yiladigan Davlat talablari”  va “ILK QADAM” nomli davlat taʼlim dasturi ishlab chiqilgan. Qolaversa, majburiy bepul maktabga tayyorlov guruhlarida foydalaniladigan “Ilm yo‘li” dasturi xorijiy ekspertlar ishtirokida ishlab chiqilib, dastur doirasida pedagoglar va tarbiyalanuvchilar uchun didaktik to‘plamlar, rangli-bezakli badiiy asarlar, daftarlar joylarga yetkazilib, foydalanishga topshirilgan.

 

— Yaqinda O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Xalq artisti Jenisbek Piyazov vazir maslahatchisi etib tayinlandi. Rahbar sifatida yangi  maslahatchingizdan qanday ko‘mak kutmoqdasiz?

— Maktabgacha taʼlim tizimida madaniyat va sanʼatni rivojlantirish muhim. Jenisbek Piyazov bilan maktabgacha yoshdagi bolalarning qobiliyatlarini yuzaga chiqarishga yordam beradigan samarali loyihalarni amalga oshiramiz, degan umiddaman.

 

— Tahririyatimizga ota-onalardan aynan Sizga atalgan savollar kelib tushgan: “Ayrim bog‘cha opalar tarbiyalanuvchilarning kun davomida nima bilan band ekanliklarini rasm yoki video shaklda ota-onalarga jo‘natib turishadi. Baʼzilarda esa buning teskarisi. Aslidachi, tarbiyachilar ota-onalarga muntazam axborot berib turishlari kerakmi?”

— Bugun ayrim MTTlarda videokuzatuv moslamalari o‘rnatilgan. Ular ota-onalarning mobil telefonlariga ulangan bo‘lib, istagan vaqtda farzandlarini kuzatib borishlari mumkin. Bularni barchasi moliyaviy byudjet bilan bog‘liqdir. Loyihalarimiz qatorida bu masala ham o‘rin olgan. Endi tarbiyachiga kelsak, o‘zingiz o‘ylab ko‘ring, guruhda 25 nafar bola bo‘lsa, uni har birini tarbiyachi videoga oladigan bo‘lsa, kun davomida qiladigan asosiy vazifasi chetda qoladi. Taʼlim va tarbiya jarayonini kim olib boradi?

 

— Bolalarni MTTga joylashtirish masalasi ayrim bog‘chalarda hamon yillab vaqt talab etmoqda. Baʼzi ota-onalar tomonidan o‘z farzandlarining navbati kelguncha bolalar maktab yoshiga yetib qolishyapti, degan mazmundagi shikoyatlar ham tez-tez quloqqa chalinadi. Yaqin orada bu bo‘yicha o‘zgarishlarni kutsak bo‘ladimi?

— Aholini o‘sish surʼati doimiy ravishda oshib bormoqda. O‘tgan davr ichida bolalar qamrovini 27,7 foizdan 67 foizga yetkazdik. Bu albatta, Davlat rahbarining oldimizga qo‘ygan asosiy vazifalaridan biridir. Bu boradagi mavjud muammolarni oldini olish uchun 2022 yilda investitsiya dasturiga 24 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti, shuningdek, maktabgacha taʼlim tizimiga xususiy sektor kirib kelishi natijasida 1933 ta oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.

— 2022 yilda kutilayotgan qaysi muhim loyihalar haqida bizga maʼlumot bera olasiz?

KOICA, Jahon banki, JICA, YUNESKO, UNICEF bilan hamkorlikda pedagog kadrlarni salohiyatini oshirish, moddiy-texnik bazani takomillashtirish va albatta, qamrov darajasini oshirish bo‘yicha xalqaro loyihalar ustida ish olib borilmoqda. Bundan tashqari maktabgacha taʼlimning yangi muqobil shakllari, shu jumladan, loyihalarni tajriba-sinov tariqasida amalga oshirish maqsadida:

-“mobil guruhlari”

-“Ilk rivojlantirish markazlari”

- “Uyga tashrif”

- “Play guruhlar” faoliyati yo‘lga qo‘yilib, yana-da rivojlantirishni maqsad qilganmiz.

 

Nilufar Irkayeva suhbatlashdi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика