Kremlda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin va Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida sinxron tarjima jarayonida bir qator noaniqliklar kuzatildi. Bu haqda Vengriyaning Telex nashri xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, venger tarjimoni ayrim iboralarni yumshatgan holda yoki mazmunini o‘zgartirib tarjima qilgan, ayrim gaplar esa umuman aytilmagan. Jumladan, Prezident Putinning “Ukraina bo‘yicha pozitsiyangiz muvozanatli ekanini bilamiz” degan so‘zlari tarjimada “xalqaro siyosat sizga ta’sir qilishi tabiiy” tarzida talqin qilingan.
Shuningdek, ikki tomonlama savdo aylanmasidagi 23 foizlik kamayish va uning sabablari haqida Rossiya rahbari tomonidan aytilgan izoh tarjimada keltirilmagan. Xalqaro masalalar bo‘yicha pozitsiyalarning farqlanishi haqidagi fikr ham “xalqaro hamkorligimiz yaxshi” deb noto‘g‘ri ifodalangan.
Vengriya hukmron partiyasi Fidesh vakili, parlament a’zosi Tamas Mentser tarjimon xatosini “inson omili” bilan izohladi.
“Tarjimon ayrim jumlalarni noto‘g‘ri eshitgan bo‘lishi mumkin. Bunday holatlar har kimning boshidan o‘tadi. U bu sohadagi eng tajribali mutaxassislardan biridir”, — dedi Mentser.
Eslatib o‘tamiz, Viktor Orban 28-noyabr kuni Moskvaga rasmiy tashrif buyurib, Rossiya Prezidenti bilan to‘rt soatlik muzokara o‘tkazdi. Tomonlar Ukraina bo‘yicha tinchlik muzokaralarining istiqbollari, xalqaro vaziyat va ikki tomonlama hamkorlik masalalarini muhokama qildilar. Orban uchrashuvni samarali deb baholadi.


