Hukumatning tegishli qaroriga ko‘ra, “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishda bir qancha talablar belgilandi.
Unga ko‘ra, endilikda “Umra” xizmatlari faqat mahalliy turoperatorlar tomonidan amalga oshiriladi.
“Umra” xizmatlari davomida ziyoratchilarning guruh rahbari etib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan tuziladigan shartnoma asosida, diniy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan mutaxassislar tayinlanadi.
“Umra” xizmatlarini ko‘rsatuvchi turoperator shtatida diniy (islomiy) taʼlim yo‘nalishlari bo‘yicha respublika taʼlim muassasasi yoki O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining tegishli bakalavriat taʼlim yo‘nalishi yoxud magistratura mutaxassisligi bitiruvchisi bo‘lgan kamida bir nafar mutaxassis bo‘lishi kerak.
“Umra” xizmatlari voyaga yetmagan fuqarolarga ko‘rsatilmaydi.
Litsenziya olish uchun turistik firmalar 100 ming AQSH dollaridan kam bo‘lmagan mablag‘larni Turizm qo‘mitasining Xavfsiz turizm jamg‘armasiga zaxira qilib qo‘yishi kerak.
Qo‘shimcha litsenziya talab va shartlari 2023 yil 1 noyabrdan qo‘llaniladi hamda litsenziyani qayta rasmiylashtirishda yig‘im va davlat boji undirilmaydi.


