Xitoy xalqaro sanksiya va cheklovlar fonida Rossiyaga urushni davom ettirish uchun zarur texnologiyalarni yetkazib bermoqda. Bu haqda RF bojxona xizmati maʼlumotlariga asoslanib, The Wall Street Journal (WSJ) xabar berdi.
Bojxona hujjatlari C4ADS nashriga berilgan. Bu tashkilot AQSH milliy xavfsizligiga tahdidlarni aniqlashga ixtisoslashgan. Jurnalistlar 84 ming yetkazib berishni o‘rganib chiqdi. Ularning barchasi G‘arbning RFga qarshi iqtisodiy bosimi boshlangandan so‘ng amalga oshirilgan.
Maʼlumotlarga ko‘ra, Xitoyning davlat mudofaa korxonalari Moskvaga navigatsiya qurilmalari, radiosignallarni yo‘q qilish texnologiyalari va qiruvchi samolyotlar uchun detallar sotgan. Mahsulotlarni G‘arb sanksiyalari ostidagi Rossiya mudofaa sanoati kompaniyalari qabul qilgan.
Gap ikki maqsadli tovarlar haqida ketmoqda. Xususan, Xitoyning Poly Technologies kompaniyasi “Rosoboroneksport” korporatsiyasiga Mi-17 harbiy-transport vertolyotlari uchun navigatsiya qurilmalarini yetkazib bergan.
AQSH davlat kotibi Entoni Blinken 5-6 fevral kunlari Pekin bilan ushbu masalada gaplashishi kerak edi. Ammo Amerika osmonida Xitoyga tegishli havo shari aniqlangach, ushbu tashrif nomaʼlum muddatga qoldirildi. Vashington aerostat razvedka maqsadlarida ishlatilganini aytmoqda.
Turkiya va BAA ham Rossiyaga texnologiyalar yetkazib bermoqda
Rossiya aksariyat harbiy ehtiyojlarini o‘zi qondira oladi. Ammo ikki maqsadli texnologiyalar importiga qaramligi bor. Bu ayniqsa, yarimo‘tkazgichlarda seziladi.
Bojxona hujjatlarida AQSH bosimi ostidagi 10 ga yaqin Xitoy va RF kompaniyalari aniqlandi. Shuningdek, Turkiya va BAA orqali ham ko‘plab sanksiyalar ostidagi tovarlar kirib kelmoqda. O‘z navbatida Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi matbuot kotibi Lyu Penyuy WSJ xabarini inkor qildi va u hech qanday faktga asoslanmaganini taʼkidladi.
Rossiya vakillari esa hozircha bunga izoh bermagan.


