
Dunyo tajribasidan yaxshi maʼlumki, saylovlarning shaffof, adolatli va xolisona o‘tkazilishi, avvalo, demokratik qadriyatlarning ustuvorligi, ommaviy axborot vositalarining erkin faoliyati bilan bevosita bog‘liq.
Shu maqsadda O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi tashabbusi bilan Xalqaro media xoll tashkil etildi. Kecha, 14 oktyabr kuni mazkur media-xollning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri birinchi o‘rinbosari Akmal Saidov, Markaziy Saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxodjayev, O‘zEOAVMA boshqaruvi raisi Firdavs Abduxoliqov, “Yuksalish” Umummilliy harakati rahbari Bobur Bekmurodov, O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Sherzod Olimov ishtirok etdi.
Zayniddin Nizomxodjayev mazkur media-xollning ochilishi – saylov jarayonlarini yana-da ochiq va shaffof bo‘lishida muhim ahamiyatga egaligini taʼkidladi. Shuningdek, MSK raisi Xalqaro media xoll orqali yoshlarning siyosiy faolligi oshirishiga ishonch bildirdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri birinchi o‘rinbosari Akmal Saidovning fikricha, Media-xoll yangi O‘zbekiston saroyi, koshonasi hisoblanadi. “Mening taklifim — Xalqaro media-xollning doimiy faoliyatini yo‘lga qo‘yish zarur”, — dedi Saidov.
Shuningdek, tadbir davomida Respublikadagi yosh saylovchilar haqida maʼlumot berildi. O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi markaziy kengashi raisi o‘rinbosari Sherzod Olimovning maʼlum qilishicha, bu yil 880 ming nafar yoshlar ilk bor saylovda ishtirok etadi
Xalqaro media-xoll tadbirlarida 5 000 nafardan ortiq iqtidorli, faol yoshlar, ijodkor talabalar, yosh mutaxassislar ishtirok etishi kutilmoqda. Shuningdek, Xalqaro media-xoll kun tartibidan konsertlar, film taqdimotlari, qator madaniy dasturlar ham o‘rin olgan.
U 2021 yil 26 oktyabrga qadar faoliyat olib boradi.


