Chorshanba kuni Yaponiyaning janubi-g‘arbidagi Kyusyu orolining ayrim hududlariga Xanun tayfuni kuchli yomg‘ir keltirdi, deb xabar berdi Kyodo agentligi.
To‘fon tufayli orolda elektr taʼminoti uzilgan, tezyurar poyezdlar harakati ham to‘xtatilgan.
Yaponiya meteorologiya agentligi sekin harakat qilayotgan tayfun yer ko‘chkilari, suv toshqinlari va kuchli shamollarga sabab bo‘lishi mumkinligini aytdi. Kyusyu janubida va shimolida, shuningdek, Amami-Osima orolida kuchli yomg‘ir bo‘lishi mumkin.
Agentlikning qo‘shimcha qilishicha, Tinch okeani sohilidagi Yaponiyaning g‘arbiy va sharqiy qismini qamrab olgan hududlarda avgust oyida rekord darajadagi yog‘ingarchilik kuzatilishi mumkin.
Kyushu Electric Power Co. maʼlumotlariga ko‘ra, chorshanba kuni mahalliy vaqt bilan ertalabki soat 10:00 holatiga ko‘ra, Kumamoto, Oita, Miyazaki va Kagosima prefekturalarida 17 630 ga yaqin uy elektr taʼminotidagi uzilishlardan zarar ko‘rgan.
Meteorologiya agentligi maʼlumotlariga ko‘ra, soat 14:00 da Xanun to‘foni Makurazaki shahridan 140 km g‘arbda bo‘lgan. Tayfundagi shamol tezligi soatiga 144 km ga yetadi.
Bundan tashqari, Yonhap axborot agentligining xabar berishicha, chorshanba kuni janubiy Chedju orolida yaqinlashib kelayotgan to‘fon sababli 140 ga yaqin reyslar to‘xtatilgan.
Koreya meteorologiya boshqarmasi maʼlumotlariga ko‘ra, kuchli to‘fon Yaponiyadan Janubiy Koreya tomon harakatlanyapti. Prognozlarga ko‘ra, ertaga mamlakatning janubiy qirg‘oqbo‘yi hududlariga o‘tadi.
Chedju xalqaro aeroportining maʼlum qilishicha, kuniga rejalashtirilgan 492 reysdan 137 tasi mahalliy vaqt bilan soat 13:00 holatiga ko‘ra bekor qilingan.
Oroldan orolga yo‘lovchilar qatnovi ham to‘xtatildi va juma kunigacha davom etmaydi.


