Kuz oqshomi. Sharros yomg‘ir yog‘ayapti. Bobom na yomg‘irga, na loy ko‘chaga parvo qilmasdan favqulodda ildam yurib borayapti. Men soyabonni boshlari uzra tutish uchun qo‘limni oldinga cho‘zib, ularga bazo‘r ergashayapman. «Bobo, sekinroq yuring», deyishga jurʼat yo‘q. Hech qachon u kishidan bugungidek qo‘rqmagan ekanman... Va nihoyat, men uchun yillarga cho‘zilgan daqiqalar tugadi. Sovuqdan qaltiragan, ajin bosgan qo‘llar tanish darvozani qoqdi. Negadir, shu onda darvozaning ochilmasligini ich-ichimdan istadim. Baxtga qarshi, u ochildi. — Iya, assalomu alaykum! Ustoz, tinchlikmi? — yomg‘irda ivigan o‘qituvchisini ko‘rgan Abdulla aka avvaliga hayratlandi. Keyin menga ko‘zi tushib, rang-quti o‘chdi. — Yaxshimisan, Abdulla, — bobomning ovozida ham qaltiroq bor edi. — Kiring, kiring, uyga, — xonadon egasi bir paytlari harf tanitgan ustoziga yo‘l bo‘shatdi. Men esa ikkilanib ostonada turardim. Uch-to‘rt qadam tashlagan bobomning ortiga o‘girilib qaraganidan bildimki, kirishim shart. Issiqqina uyga qadam qo‘yishimiz bilan oldimizga qaynoq choy keldi. Lekin na men, na bobom choy quyilgan piyolaga qo‘l uzatdik. Bobom bir muddat sukut saqlab o‘tirgach, sekin gap boshladi: — Abdulla, nevaramning gunohi uchun men uzr so‘rayman... Hammamizning boshimiz egik. Abdulla aka nima deyishni bilmay dasturxonning bir uchini qatlab o‘tiribdi. Oxiri tilga kirdi: — Ustoz, sizning nevarangiz ekanligini bilmagandim... Abdulla aka yolg‘on so‘zladi. Bir haftadan beri shuncha mashmasha bo‘ldi, o‘zi ham ikki marta «Shundoq odamning avlodi-ya», deb boshini chayqab qoldi. Hozir noilojlikdan shunday dedi-da. Shu bilan yana jimlik cho‘kdi. Keyin bobom yuziga fotiha tortdi, biz qaytdik. Negadir endi bobomning qadam olishlari sekinlashgandi, yo‘l bo‘yi miq etmaganlaridan bo‘larim-bo‘ldi. Urishsalar, ursalar ham mayli edi shu tobda. O‘tgan hafta yaqin o‘rtog‘im uylandi. To‘y oxiri to‘polon bilan tugadi. Abdulla akaning o‘g‘lini mastlikda arzimas sabab uchun o‘lasa qilib do‘pposlabman. Ertasi hushimga kelgach bildim. Kattaroq joyga ishga joylashish uchun hujjat topshirganim sabab oyog‘i kuygan tovuqdek tipirchilab qoldim. Oxiri bobomni o‘rtaga qo‘ydik... «Hech qachon vijdonimga qarshi ish qilmagandim... O‘zim halol, to‘g‘ri bo‘linglar, deya o‘rgatgan o‘quvchimning oldida-ya»... Bobomning uyimiz ostonasiga yetganimizda aytgan so‘zlaridan xato ustiga xato qilganimni angladim...