O‘zbekiston xavfli va radioaktiv chiqindilarni boshqarishda yangi bosqichga o‘tmoqda. O‘tkazilgan yig‘ilishda so‘nggi ikki yilda avval qayta ishlanmagan sanoat va xavfli chiqindilarni qayta ishlash darajasi 4,5 foizga yetkazilgani qayd etildi. Biroq bu ko‘rsatkich hali ham past ekani ta’kidlanib, jarayonlarni jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha choralar belgilandi.
Mutasaddilarga sanoat va xavfli chiqindilar hosil bo‘layotgan hamda saqlanayotgan joylarni to‘liq xatlovdan o‘tkazish topshirildi. Har bir hududda chiqindilarni qayta ishlash yoki utilizatsiya qilish bo‘yicha kamida bittadan loyiha boshlash zarurligi qayd etildi. Bu nafaqat ekologik xavflarni kamaytiradi, balki qayta ishlash sanoatini rivojlantirishga ham xizmat qiladi.
Shuningdek, xavfli chiqindilarni nazorat qilish uchun yagona axborot-monitoring platformasini ishga tushirish rejalashtirilgan. Ushbu tizim chiqindilar harakati, ularning to‘planishi va qayta ishlanishini real vaqt rejimida kuzatish imkonini yaratadi. Mazkur tashabbuslar ekologik xavfsizlikni kuchaytirish va chiqindilarni boshqarishda zamonaviy yondashuvlarni joriy etishga qaratilgan.


