AQSHning NATOdagi elchisi Metyu Uitakerning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy Vladimir Putinga bitta telefon qo‘ng‘irog‘i bilan Ukrainadagi urushni to‘xtatishi va unga ikki maqsadli texnologiyalarni sotishni to‘xtatishni talab qilishi mumkin. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.
Uitaker bu fikrni Myunxen xavfsizlik konferensiyasida bo‘lib o‘tgan panel muhokamasida bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Pekin shuningdek, Rossiya neft va gazini sotib olishni to‘xtatishi va shu orqali urushga chek qo‘yishi mumkin. U Ukrainaga bostirib kirish harakati “Xitoy tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanayotganini” ham taʼkidlagan.
Agentlik xabariga ko‘ra, to‘liq ko‘lamli urush boshlanganidan beri Pekin va Moskva o‘zaro hamkorlikni mustahkamlagan. Rossiya dronlar va boshqa harbiy texnika uchun muhim komponentlar bo‘yicha Xitoyga tayanadi. Shu bilan birga, Xitoy Rossiyaning xom neftining eng yirik xaridoriga aylanib, yanvar oyida o‘z portlariga kuniga 1,65 million barrel neft yuklagan. Bu 2024 yil mart oyidan beri eng yuqori ko‘rsatkich va 2022 yildan beri ikkinchi eng katta oylik hajmdir.
Agentlikning taʼkidlashicha, Pekin o‘zining “konstruktiv” pozitsiyasini bir necha bor eʼlon qilgan bo‘lsada, 2022 yildan beri Kreml bilan aloqalarni mustahkamlashga davom etmoqda. Xitoy Rossiyaning qurol ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan komponentlarini, jumladan dronlarni yetkazib beradi.


