AQSH Lotin Amerikasida Xitoyga tegishli yana bir zond aniqlanganini aytmoqda. Bu haqda Pentagon matbuot kotibi Patrik Rayder maʼlum qildi.
"Biz Lotin Amerikasi ustida uchib yurgan yana bir havo shari haqida maʼlumotlarni ko‘ryapmiz. Bizningcha, bu Xitoyning navbatdagi razvedka shari bo‘lishi mumkin. Hozirda to‘liq maʼlumotlar yo‘q", — degan u.
Payshanba kuni Mudofaa vazirligi AQSH shimolida razvedka havo shari aniqlanganini eʼlon qilgandi. Keyinchalik Xitoy TIV shar haqiqatdan ham Pekinga tegishli ekanini, ammo u metereologik maqsadlarda ishlatilishini maʼlum qildi. Ushbu hodisa ortidan davlat kotibi Entoni Blinken Xitoyga rejalashtirilgan tashrifini bekor qildi.
Oq uy aerostat katta xavf tug‘dirmasligini taʼkidlagan. XXR kommunistik partiyasining tashqi ishlar bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Van I Vashingtonni bosiqlikka chaqirgan.


