
Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I AQSHga koronavirus kelib chiqishi haqidagi hisobot yuzasidan norozilik bildirdi.
Vazir AQSH davlat kotibi Entoni Blinken bilan telefon orqali muloqoti chog‘ida bu haqda maʼlum qilgan. “Xitoy AQSH maxsus xizmatlari tomonidan tayyorlangan koronavirus kelib chiqishi bo‘yicha hisobot yuzasidan qatʼiy norozilik bildiradi”, — deyiladi Xitoy tashqi ishlar vazirligi saytida.
Pekin Vashingtonni masalani siyosiylashtirishni to‘xtatishga chaqirdi. Van I bu tahminlar AQSHning avvalgi prezidenti (Donald Tramp) adminsratsiyasidan qolganligiga eʼtibor qaratgan.
AQSH bu fikrlardan qanchalik tez voz kechsa, “shunchalik tez boshi berk ko‘chadan chiqadi”.
Eslatib o‘tamiz, AQSH milliy razvedkasi 27 avgust kuni Jozef Baydenga koronavirus kelib chiqishi yuzasidan hisobot taqdim etgan edi. Ammo maxsus xizmatlar kasallikning manbasi bo‘yicha aniq xulosaga kela olmagan. Shunday bo‘lsa-da, COVID-19 biologik qurol sifatida yaratilmagani qayd etilgan. Tarqalishning ehtimoliy sababi sifatida, infeksiya tushgan hayvon bilan tabiiy aloqa yoki Uxan laboratoriyasidagi baxtsiz hodisa keltirilgan.
O‘z navbatida Xitoy tashqi ishlar vazirligi AQSHning bu harakatlariga norozilik bildirdi. Vazirlik rasmiy vakili Van Venbin Vashingtonni virus kelib chiqishi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar o‘tkazishga chaqirdi. Amaldorning fikricha “Maxsus xizmatlarning “COVID-19” kelib chiqishini aniqlashi ilm-fanga ziddir”.
Bundan avval Vashington Uxan laboratoriyasida o‘rganilgan minglab viruslar bo‘yicha maʼlumotlar qo‘lga kiritilganini maʼlum qilgan.


