1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Jahon

Xitoy Tolibondan o‘z fuqarolarining o‘limi bo‘yicha tergov talab qildi

Noyabr–dekabr oylarida Tojikiston hududida sodir bo‘lgan ikki qurolli hujumda jami besh nafar Xitoy fuqarosi halok bo'lgan.

Xitoy Tolibondan o‘z fuqarolarining o‘limi bo‘yicha tergov talab qildi

 

Xitoy Xalq Respublikasi Tolibon hukumatidan Tojikiston-Afg‘oniston chegarasida o‘z fuqarolarining o‘limiga olib kelgan qurolli hujumlar yuzasidan to‘liq va shaffof tergov o‘tkazishni rasmiy ravishda talab qildi. Bu haqda 10-dekabr kuni BMT Xavfsizlik kengashining Afg‘onistondagi vaziyatga bag‘ishlangan yig‘ilishida Xitoyning BMTdagi elchisi Fu Kung ma’lum qildi.

 

Ma’lum qilinishicha, noyabr oyining oxiri — dekabr boshida Tojikistonning chegara hududlarida Afg‘oniston tomonidan kirib kelgan qurolli shaxslar tomonidan ikki marotaba hujum sodir etilgan. Hujumlar oqibatida qurilish maydonchalarida ishlayotgan jami besh nafar Xitoy fuqarosi halok bo‘lgan, yana besh nafari yaralangan.

 

Birinchi hujum 26-noyabrga o‘tar kechasi Xatlon viloyatining Shamsiddin-Shoxin tumanida sodir bo‘lgan. Tojikiston Tashqi ishlar vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, qurolli guruh xitoylik ishchilar joylashgan lagerga bostirib kirgan va uch nafar Xitoy fuqarosi halok bo‘lgan.

 

Ikkinchi hodisa 30-noyabr kuni soat 18:45 atrofida Tog‘li Badaxshon muxtor viloyati Darvaz tumanidagi Shodak qishlog‘ida qayd etilgan. Hujumchilar Afg‘onistonning Badaxshon viloyatidan Tojikiston hududiga o‘tib, qurilish ishchilariga qarata o‘t ochgan. Natijada ikki Xitoy fuqarosi halok bo‘lgan, yana ikki kishi jarohatlangan.

 

Fu Kung o‘z nutqida Xitoy fuqarolarining o‘ldirilishini keskin qoralab, buni mintaqaviy xavfsizlik uchun jiddiy tahdid deb baholadi. U Tojikiston va Tolibonni chegara xavfsizligini kuchaytirishga, bunday hujumlarni oldini olish uchun qo‘shimcha choralar ko‘rishga chaqirdi. Shuningdek, Pekin mintaqa davlatlari bilan barqarorlikni ta’minlash borasida hamkorlikka tayyorligini qayd etdi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика