Xitoyning shimolidagi Shansi provinsiyasida joylashgan biotexnologiya korxonasida sodir bo‘lgan portlash oqibatida sakkiz kishi halok bo‘ldi. Bu haqda mamlakat davlat OAVlari xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa Shoujou shahriga qarashli Shanyin tumanidagi Jiapeng Biotechnology kompaniyasining ishlab chiqarish sexlaridan birida yuz bergan. Portlash shanba kuni erta tongda sodir bo‘lgan.
Voqea joyida qalin tutun kuzatilgan, hudud darhol o‘rab olingan va maxsus xizmatlar ish boshlagan. Hozircha portlash sabablari rasman e’lon qilinmagan.
Xabar qilinishicha, kompaniyaning qonuniy vakili qo‘lga olingan. Mahalliy hokimiyat tomonidan hodisa sabablarini aniqlash uchun maxsus tergov guruhi tuzilgan.
Jiapeng Biotechnology kompaniyasi 2025 yil iyun oyida tashkil etilgan bo‘lib, asosan hayvonlar uchun ozuqa, ko‘mir mahsulotlari va qurilish materiallari bilan bog‘liq tadqiqotlar olib boradi.


