Xitoyning sharqiy hududida arxeologlar tomonidan taxminan 7000 yil avval ishlatilgan o‘t yoqish asbobi topildi.
Mazkur qadimiy buyumlar Tsyansu provinsiyasidagi Tsaoyanggang deb nomlangan manzilgoh qazilmalari chog‘ida aniqlangan. Topilmalar orasida 60 sm uzunlikdagi yog‘och burg‘u hamda 30 sm uzunlikdagi o‘t yoqish taxtasi bor. Taxtaning bir chetida dumaloq teshik mavjud bo‘lib, u arqon bog‘lash uchun ishlatilgan bo‘lishi mumkin.
“Sinxua” axborot agentligining ta’kidlashicha, bu kashfiyot Xitoy hududida hozirgacha topilgan eng qadimgi o‘t yoqish texnologiyasiga oid dalil hisoblanadi. Xitoy madaniy yodgorliklari jamiyati a’zosi Lyu Chjenning so‘zlariga ko‘ra, ushbu topilma Xitoy sivilizatsiyasining dastlabki bosqichlari haqida muhim ma’lumot beradi.


