Xitoyning Xubey provinsiyasidagi Ichang shahrida yashovchi maktab o‘quvchisi Lan Boven o‘zining noyob buklama smartfonini yaratdi. U ushbu qurilmani 3D-printer yordamida ishlab chiqdi va eski telefonlarning ehtiyot qismlaridan foydalandi.
Lan Bovenning ta’kidlashicha, hozirda bozorda faqat ichkariga buklanadigan telefonlar mavjud. Shu sababli u tashqariga buklanadigan model yaratishga qaror qilgan. Unga ko‘ra, bunday dizayn qulayroq va amaliyroqdir.
Smartfonning korpusi 280 dollar (2 000 yuan) turadigan 3D-printerda bosib chiqarilgan. Qurilmaning asosiy qismlari oilasiga tegishli eski telefonlardan olingan, ba’zi detallar esa internet orqali sotib olingan.
Hozircha ushbu telefon dastlabki sinov bosqichida, lekin u allaqachon oddiy smartfonning barcha funksiyalarini bajara oladi. Lan Bovenning innovatsion ishlanmasi Xitoy ijtimoiy tarmoqlarida katta qiziqish uyg‘otdi. Hatto Vivo kompaniyasi uning sa’y-harakatlarini yuqori baholadi.


