Xitoyning sobiq sport vaziri Gou Chjunguven korrupsiya va mansab vakolatini suiisteʼmol qilishda aybdor deb topildi va o‘lim jazosiga hukm qilindi. Bu haqda CCTV telekanali xabar berdi.
Sud hukmiga ko‘ra, jazo ijrosi ikki yilga shartli ravishda to‘xtatilgan. Gou Chjunguven 236 million yuan (taxminan 33,4 million dollar) miqdorida pora olishda ayblangan.
Sud qaroriga muvofiq, sobiq amaldor umrbod siyosiy huquqlardan mahrum etildi. Uning barcha shaxsiy mol‑mulki musodara qilinib, noqonuniy yo‘llar bilan olingan daromadlar va ularga hisoblangan foizlar davlat mulkiga o‘tkaziladi.
Agar jazo ijrosi to‘xtatilgan ikki yillik muddat davomida yangi huquqbuzarliklar aniqlanmasa, o‘lim jazosi umrbod ozodlikdan mahrum qilish bilan almashtiriladi.
Avvalroq Korrupsiyaga qarshi kurash bo'limining sobiq rahbari poraxo'rlikda aybdor deb topilib 15 yilga qamalgan edi.


