Andijon viloyati adliya boshqarmasining xabar berishicha, joriy yilning 25-may kuni shoir Erkin Yo‘ldosh viloyat Adliya boshqarmasiga murojaat qilib, Andijon shahrida yashovchi fuqaro Mirodil Hakimov hech qanday ruxsat va ogohlantirishsiz “Uylanamiz” sheʼriga bastalangan qo‘shiqni 25 yildan beri ijro etib kelayotganligini va sheʼr matnini o‘zgartirganligini bildirgan.
Murojaatda keltirilgan holatlarni o‘rganish jarayonida xonanda Erkin Doripovga tegishli bo‘lgan “Uylanamiz” nomli sheʼrni muallif bilan hech qanday shartnoma tuzmasdan huquq egasining ruxsatisiz omma eʼtiboriga havola qilgan. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon tuman sudiga bayonnoma kiritilgan.
Natijada sud xonanda M. Hakimovni Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 177(1)–moddasida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarlikni sodir qilgan deb topib, bazaviy hisoblash miqdorining 5 barobari miqdorda jarima jazosi tayinlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Bobomurod Hamdamov qo‘shiqlarini uning ruxsatisiz kuylagan xonandalar jarimaga tortilgani xabar qilingandi.


