
Maʼlum qilinishicha, 2021 yil 27 avgust kuni soat 17:20 larda viloyat IIBning 102 Call-markazi operatori Urganch tumani, Chotko‘pir qishlog‘i, “Orzu” mahallasida nomaʼlum uch nafar fuqaro kanalizatsiya quvuri ichiga tushib ketib, vafot etgani haqida xabar kelib tushgan.
Qayd etilishicha, fuqarolar X.Sh., O.K. va Sh.K. Urganch tumani, Chotko‘pir qishlog‘i, “Orzu” mahallasi hududidagi ko‘p qavatli uylardan chiqqan kanalizatsiya suvlarini haydab chiqarish uchun mo‘ljallangan kanalizatsiya kamerasiga tushishganida, kamera ichida to‘planib qolgan zaharli gazdan zaharlanib, hodisa joyida vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan Urganch tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan 2021 yil 27 avgustda Jinoyat kodeksining 257-moddasi 2-qismi “a” bandi (odam o‘lishiga sabab bo‘lgan mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Ushbu jinoyat ishi viloyat IIB huzuridagi tergov boshqarmasi tergovchilari ish yurituviga o‘tkazilib, viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.


