Xorazm viloyatida yashirin va uyushgan tarzda jamoat tartibiga tahdid solib kelgan, o‘z atrofida noqonuniy “ko‘cha” muhitini shakllantirib, fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan uch nafar shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, viloyat IIB tezkor-qidiruv xizmati hamda Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida bezorilik holatlariga aloqador shaxslar fosh etilgan.
Xususan, 1996-yilda tug‘ilgan, Urganch tumanida yashovchi Jamol Ahmedov (laqabi — Jommi Darital) Urganch shahridagi markaziy dehqon bozori hududida bir fuqaroga asossiz ravishda tan jarohati yetkazgan. Ushbu holat bo‘yicha surishtiruv boshlanganidan so‘ng, u jabrlanuvchiga bosim o‘tkazishga uringan. Tekshiruv jarayonida Ahmedovning yonidan 3 gramm marixuana aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan.
Shuningdek, 1997-yilda tug‘ilgan, Bog‘ot tumanida yashovchi Artur Maqsaboyev (laqabi — Malish) hamda 1991-yilda tug‘ilgan, Xiva shahrida istiqomat qiluvchi Rasulbek Farhodbekov (laqabi — Rasul qilich) tomonidan turli vaqtlarda fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari sodir etilgani aniqlangan.
Mazkur uch holat yuzasidan gumondorlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi (bezorilik) bilan, Jamol Ahmedovga esa qo‘shimcha ravishda 276-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Gumondorlarga nisbatan ehtiyot chorasi sifatida qamoq qo‘llanilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ichki ishlar organlari ushbu shaxslardan jabrlangan fuqarolarni tegishli tartibda murojaat qilishga chaqirdi.


