1-yanvar kuni soat 14:50 atrofida Xorazm viloyati, Shovot tumani, Bo‘yrachi mahallasi hududidagi mahalliy ahamiyatga molik 91-02 yo‘lining 21-kilometrida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi.
Viloyat IIB xabariga ko‘ra, 1995-yilda tug‘ilgan shaxs Cobalt rusumli avtomobilni Shovot–Urganch yo‘nalishida boshqarib kelayotib, qo‘riqlanmaydigan temiryo‘l kesishmasida yo‘l harakati qoidalarini buzgan.
Hodisa vaqtida poyezd lokomotiv mashinisti kesishmaga yaqinlashganda ogohlantiruvchi signal bergan, biroq haydovchi to‘xtagan, so‘ngra yo‘lga chiqib ketgan va natijada poyezd bilan to‘qnashuv yuz bergan.
Voqea oqibatida avtomobilga jiddiy shikast yetgan, haydovchi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan. Hozirda hodisa sabablari va yetkazilgan moddiy zarar aniqlanmoqda. Tuman IIB tomonidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda.


