Ayni kunlarda Xorazm viloyatining Xiva shahrida birinchi “Lazgi” xalqaro raqs festivali bo‘lib o‘tmoqda. Unda dunyoning 30 ta davlatidan 192 nafar ishtirokchi qatnashmoqda. Xorijiy mehmonlar orasida Eron madaniyati targ‘ibotchisi Fariborz Kannejad ham bor.
U dunyo bo‘ylab eronlik eng mashhur musiqa ustalari ishtirokida turli madaniy tadbirlar o‘tkazib keladi.
Fariborz ko‘p yillar davomida London, York, Kambridj, Oksford Universitetlarida Yaqin Sharq musiqasi, jumaladan, Eron nafis musiqasi nazariyasi va amaliyotidan ta’lim bergan.
Shuningdek, Fariborz Buyuk Britaniyadagi “Nava Arts UK” musiqa jamoasiga asos solib, Eron musiqasini britaniyalik aholi orasida Eronning turli viloyatlari an’anaviy musiqalarini namoyish qilib keladi.
“Nava Arts UK” orqali eng birinchi bo‘lib Eronlik musiqachilar, qo‘shiqchilar va raqqoslar ishtirokida rasmiy ravishda Londonda musiqiy dasturlarini taqdim etishga erishgan.
Yillar davomida Fariborz Eron musiqa va raqs san’atiga katta qiziqish bilan bu san’at turini dunyo bo‘ylab targ‘ib qilishga harakat qiladi.
U o‘z faoliyati davomida Buyuk Britaniyaning eng katta sahnalari, jumladan, Sauntbek Markazi, Barbakan Markazi, Britaniya Muzeyi, Viktoriya va Albert Muzeyi sahnalarida Eron musiqa va raqs san’atini ulkan yutuq bilan targ‘ib qilishga erishgan.


