Xorazm viloyati bojxona boshqarmasi “Urganch aeroporti” chegara bojxona posti xodimlari noyob tarixiy va madaniy boyliklarning respublikadan olib chiqishga bo‘lgan urinishni fosh etishdi.
Jumladan, bojxona posti orqali xorij davlatiga yo‘l olgan fuqaro k.A.ning qo‘l yuki belgilangan tartibda bojxona nazoratidan o‘tkazilganda, nazorat-rentgen apparatida shubhali tasvirlar aks etdi. Shundan so‘ng, ushbu qo‘l sumkasi xolislar ishtirokida va belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi.

Natijada, bojxona nazoratidan yashirilgan, og‘zaki so‘rovda maʼlum qilinmagan, O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqish taʼqiqlangan qadimiy hisoblangan sariq metalldan yasalgan 1 dona qo‘ng‘iroq borligi aniqlandi.
O‘tkazilgan badiiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, bronzadan yasalgan qo‘ng‘iroq XIX asrning II yarmida Yevropa davlatlarida yasalganligi maʼlum bo‘ldi. Hozirgi kunda mazkur madaniy boylik “Ichan-qalʼa” Davlat muzey qo‘riqxonasiga topshirildi.
Maʼlumot uchun: O‘zbekiston Respublikasining 1998 yil 29 avgustdagi “Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi to‘g‘risida”gi Qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 23 martdagi “Madaniy boyliklarni olib chiqilishi va olib kirilishi to‘g‘risida”gi Nizom talablariga muvofiq ellik yil muqaddam va undan ham oldin yaratilgan madaniy boyliklarni O‘zbekiston Respublikasi hududidan olib chiqish mumkin emas.


