Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Respublika “Barkamol avlod” bolalar maktabi ish faoliyatini yangicha asosda tashkil etish, bu boradagi jahon tajribasini o‘rganish va amalda qo‘llash, mavjud to‘garaklarni zamonaviy o‘quv jihozlari bilan taʼminlash, to‘garaklar soni va sifatini oshirish maqsadida xalqaro hamkorlik va aloqlarni yana-da kengaytirishga intilmoqda. Respublika “Barkamol avlod” bolalar maktabida ayni shu maqsadda “Sharq ayoli” xalqaro xotin-qizlar jamoat fondi hamda Rossiya Federatsiyasining “Omega” IT kompaniyasi vakillari ishtirokida muzokara uchrashuvi tashkil etildi.
Ayni paytda Respublika “Barkamol avlod” bolalar maktabi tizimida 219 ta maktab faoliyat ko‘rsatyapti. 7 yo‘nalishdagi 11 ming 431 to‘garakda 386 ming 143 nafar o‘quvchilar o‘zlari qiziqqan soha bo‘yicha olayotgan bilimlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirmoqda, kasb-hunar o‘rganmoqda, - deydi maktab direktori Sevara Mahmudova. – Sir emas, bugungi kunda yoshlarimizda axborot texnologiyalariga bo‘lgan qiziqish va intilish tobora ortib bormoqda. Shu bois biz IT hamda “Robototexnika” to‘garaklarini rivojlantirish, ular faoliyatiga xalqaro tajribani tatbiq etish, sohadagi yangiliklardan o‘quvchilarimizni muntazam xabardor qilib borish va ularni amaliyotga joriy qilishni maqsad qilganmiz. Bugungi uchrashuv doirasida “Sharq ayoli” xalqaro xotin-qizlar jamoat fondi vositachiligida Rossiya Federatsiyasining “Omega” IT kompaniyasi bilan hamkorlik qilishga kelishib oldik. Bu esa, o‘z navbatida, "Barkamol avlod‘ bolalar maktablari to‘garak aʼzolariga yangi imkoniyat va sharoitlarni taqdim etadi.
Eslatib o‘tamiz, bugungi kunda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Respublika “Barkamol avlod” bolalar maktabi 3 ta xalqaro, 15 ta mahalliy idora va tashkilotlar bilan memorandum tuzib, yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda.


