Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi xorijiy til fani o‘qituvchilarining lavozim malaka talablari bo‘yicha rasmiy bayonot berdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-maydagi qaroriga muvofiq, umumiy o‘rta ta’lim muassasalari xorijiy til o‘qituvchilari kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi shart. Ushbu talab dastlab 2024–2025-o‘quv yiliga qadar belgilangan bo‘lsa-da, pedagoglar va keng jamoatchilikning murojaatlari asosida bir necha bor uzaytirilgan.
Vazirlik ta’kidlaganidek, tegishli sertifikatlarni olish uchun o‘qituvchilarga joylarda malakali mutaxassislar ishtirokida bepul o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilgan. 2025-yilning sentabr-dekabr oylarida 5 000 dan ortiq pedagoglar ushbu sertifikatlarni qo‘lga kiritgan bo‘lib, ular o‘quvchilarga sifatli ta’lim berish bilan birga qo‘shimcha moddiy manfaatdorlikka ega bo‘lishgan. Hozirga kelib, 39 mingdan ortiq xorijiy til fani o‘qituvchilari sertifikatga ega.
Vazirlikning bayonotida shuningdek, bu o‘quv mashg‘ulotlari bundan keyin ham davom ettirilishi, B2 darajadagi sertifikatga ega bo‘lmagan pedagoglarga 2026–2027-o‘quv yilining boshlanishigacha tayyorgarlik imkoniyati berilishi ta’kidlandi. Mazkur choralar farzandlarimizning sifatli va chuqur bilim olishini ta’minlash, ularning kelajak kasblarini egallashida muhim ahamiyat kasb etadi.
Pedagoglar va keng jamoatchilikdan esa rasmiy bayonotda amaliyotga joriy etilayotgan choralarni to‘liq tushunib, o‘z kasbiy majburiyatlariga sidqidildan yondashish so‘ralgan. Vazirlik ta’kidlaganidek, ushbu chora-tadbirlar maktablarda ta’lim sifatini oshirish, o‘qituvchilarning malaka darajasini oshirish va o‘quv jarayonini samarali tashkil etishda muhim rol o‘ynaydi.


