“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov bolalar huquqlarini ta’minlash, oiladagi zo‘ravonlikning oldini olish va jamiyat ma’naviy holati masalalari yuzasidan keskin fikr bildirdi.
Uning ta’kidlashicha, ota-onalar farzandlariga nisbatan istagan harakatni amalga oshirish huquqiga ega emas. Bolaga nisbatan qo‘llaniladigan zo‘ravonlikning oqibatlari kelajakda nafaqat oila, balki butun jamiyat zimmasiga tushadi.
“Bolani himoya qilish kerak. Uning istagi va manfaatlari inobatga olinishi shart. Bolaga nisbatan zo‘ravonlikni qadriyat sifatida oqlab bo‘lmaydi. Bu qadriyat emas”, — dedi Qodirov.
Partiya rahbarining aytishicha, O‘zbekiston qadriyatlarida bola hurmat bilan tarbiyalangan, ayol esa e’zozlangan. Ayollarga nisbatan zo‘ravonlik kuchaygani sari jamiyatda bilimga, ma’rifatga, axloqqa bo‘lgan munosabat ham zaiflashmoqda.
“Bizni qadriyatimizda bolani sizlab katta qilishgan, bizni qadriyatimizda ayolni boshiga ko'tarib katta qilishgan, avaylab-asrab foydalangan, oyog'i bilan tepib foydalanmagan. Oyog'i bilan tepib foydalanadigan erkaklar paydo bo'lgani uchun bizda Buxoriylar tug'ilmayapti, bilimga ishtiyoqi yo'q, kitob o'qishga ishtiyoqi yo'q, atrofini hurmat qilmaydi, jamiyatni hurmat qilmaydi, qo'liga kitob ushlagisi kelmaydi, shunaqa xalq bo'lib qolyapmiz. Nimaga? Chunki biz ayolni ezib tashladik, ayolni qulga aylantirib tashladik. Bu holat kelajak avlod tarbiyasiga bevosita ta’sir qilmoqda”, — dedi u.
Alisher Qodirov ota-onaning “men otaman, huquqim bor” degan qarashi noto‘g‘ri ekanini ta’kidlab, bolaga nisbatan zo‘ravonlikni qonunchilikda aniq va qat’iy tarzda taqiqlash zarurligini qayd etdi.
Uning fikricha, bolani urib, qo‘rqitib tarbiyalash jamiyatni ma’naviy tanazzulga olib boradi va bunday holat milliy qadriyatlarga mutlaqo zid.


