1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. Siyosat

“Xuddi tok ustida o‘tirgandekman” — Ramzan Qodirovga nima qildi?

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov sog‘ligi bilan bog‘liq muammolar sabab eng ko‘p muhokama va xavotirlarga sabab bo‘luvchi prezident hisoblanadi. Bir necha yildirki, uning tez-tez kasal bo‘layotgani, buning ortidan vaqtincha omma oldida ko‘rinish bermasligi va hatto komaga tushib qolib vafot etgani haqida ham ma’lumotlar tarqaladi. So‘nggi kunlarda ham uning shoshilinch ravishda shifoxonaga yotqizilgani va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan “tortishiuv”lari muhokama markazida bo‘ldi.

“Xuddi tok ustida o‘tirgandekman” — Ramzan Qodirovga nima qildi?


Checheniston rahbari Ramzan Qodirov sog‘ligi bilan bog‘liq muammolar sabab eng ko‘p muhokama va xavotirlarga sabab bo‘luvchi prezident hisoblanadi. Bir necha yildirki, uning tez-tez kasal bo‘layotgani, buning ortidan vaqtincha omma oldida ko‘rinish bermasligi va hatto komaga tushib qolib vafot etgani haqida ham ma’lumotlar tarqaladi.

 

 

Jumladan, o‘tgan yilning yozida Bodrum shahrida dam olayotgan Checheniston rahbari dengizda cho‘milish paytida ahvoli yomonlashib, nafas ola olmay qolgan, shundan so‘ng qutqaruvchilar uni tezda suvdan chiqarib olib, dastlabki tibbiy yordam ko‘rsatishgan. Qodirov kasalxonaga olib borilgan, keyinchalik esa uning sog‘ligi yaxshi ekani aytilgan.

 

Yaqin kunlarda ham Qodirovning sog‘ligi xalqaro maydonda yana muhokamaga tushdi. Yangi yil arafasida Checheniston prezidentining shoshilinch ravishda shifoxonaga yotqizilgani haqida xabarlar sizdirildi. Mahalliy nashrlar u 24 dekabrdan 25 dekabrga o‘tar kechasi Moskvada shoshilinch ravishda kasalxonaga yotqizilganini yozdi.

 

Unga ko‘ra, Qodirov poytaxtga Rossiya prezidenti Vladimir Putin raisligida o‘tkaziladigan Davlat kengashi yig‘ilishida ishtirok etish uchun kelgan. Ammo uning sog‘lig‘i keskin yomonlashgan va u reanimatsiya mashinasida Rossiya prezidenti ishlari boshqarmasiga qarashli Markaziy klinik shifoxonaga olib ketilgan. 

 

“Moskvada uni zo‘rg‘a o‘ziga keltirishdi, shundan so‘ng u uyiga qaytdi va o‘shandan beri jamoatchilik oldida ko‘rinmadi”, deydi manbalar.

 

Qodirov yaqinda bo‘lib o‘tgan “to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot” paytida 2025 yilda to‘rt marta rasmiy taʼtilga chiqqanini, u o‘zini yomon his qilayotganini ochiq tan olib, buni Ukrainadagi urushda ishtirok etayotgan chechen jangchilari uchun doimiy tashvish bilan izohlagan.

 

“Menda asabiy buzilishlar kuzatiladi. Doimiy zo‘riqish hissi bor, xuddi tok ustida o‘tirgandek”, degan Checheniston rahbari.

 

Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, Checheniston rahbari Ramzan Qodirov yangi Sharoy qishlog‘idagi hofizlar maktabi ochilish marosimida jamoatchilik oldida ko‘rinish berdi. Biroq bu safar u odatdagidek ko‘rinishda emas, hassaga tayangan holda edi. Prezidentning bu holati esa jamoatchilik orasida xavotirlarni yana bir bor kuchaytirib yubordi.

 

Respublika milliy siyosat, tashqi aloqalar, matbuot va axborot ishlari vaziri Ahmad Dudayevning so‘zlariga ko‘ra, Checheniston rahbari 29-dekabr kuni 2025 yil yakunlari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgan, 31 dekabrda xalqni yangi yil bilan tabriklagan, 1 yanvar kuni esa Ukrainadagi harbiy to‘qnashuvlar hududiga yangi texnikalarni jo‘natgan.

 

Qayd etish kerak, Ramzan Qodirov shu paytga qadar ko‘p bora sog‘ligi yomonlashgani haqidagi xabarlarni rad etib kelgan edi.

 

Jumladan, 2024 yilning avgust oyida u “sog‘lom” ekanini va har kuni yig‘ilish o‘tkazishga hojat yo‘qligini, “chunki ish yaxshi yo‘lga qo‘yilganini” aytgandi. Sentyabrda esa sog‘lig‘i bilan bog‘liq gap-so‘zlar chiqqanida har safar 50 marta turnikda tortilishini bildirgan.

 

Bungacha Qodirovning buyragi bilan bog‘liq muammolar bo‘lishi mumkinligi taxmin qilingan. Unda oshqozon osti bezi nekrozi bor degan versiya ilgari surilgandi.

 

Checheniston rahbarining sog‘ligi bilan bog‘liq muhokamalar sovimay turib, kuni kecha Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy u haqida keskin bayonot bilan chiqdi. U AQSHni Checheniston rahbarini xuddi Venesuela prezidentini olib ketilgani usulida qo‘lga olishga chaqirdi.

 

Zelenskiyning fikricha, Amerika maxsus xizmatlarining bunday harakati Rossiya prezidenti Vladimir Putinni urushni tugatish bo‘yicha tinchlik shartnomasiga rozi bo‘lishga majbur qiladigan argument bo‘lishi mumkin.

 

Qodirov mazkur chaqiriq ortidan o‘zining Telegram kanalida Zelenskiyga javob qaytardi.

 

“U meni o‘g‘irlab ketish haqidagi fikrni ilgari surmoqda, biroq buni o‘zi amalga oshirishga ham urinmaydi. U chetda turib, boshqa birov bu ishni qilayotganini tomosha qilishni istaydi”, — deya yozgan Qodirov.

 

Checheniston rahbari Vashingtonga qaratilgan bunday murojaatlarni xo‘rlovchi deb baholab, ularni Ukraina rahbariyatining tinchlik muzokaralarini buzishga urinishlari bilan izohladi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика