O‘zbekistonda xususiy sektorda mehnat qilayotgan 1,8 million ayolning bor-yo‘g‘i 1 foizi — ya’ni 15 ming nafari dekret ta’tilidan foydalangan. Savdo-sanoat palatasi ma’lumotiga ko‘ra, bu ko‘rsatkich davlat byudjeti hisobidan faoliyat yurituvchi tashkilotlar bilan solishtirganda keskin past. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi xabar bermoqda.
Byudjet tashkilotlarida jami 1,4 million ayol ishlaydi va ulardan qariyb 120 ming nafari tug‘uruq ta’tiliga chiqqan. Xususiy sektorda esa ijtimoiy kafolatlarning yetarli emasligi sabab ayollarning aksariyati dekret ta’tilidan foydalanmay kelmoqda.
Mazkur muammoni hal etish maqsadida yangi davlat ijtimoiy sug‘urta tizimi joriy etilmoqda. Unga ko‘ra, xususiy sektorda ishlovchi ayollarga ham homiladorlik va tug‘uruq ta’tili nafaqalari kafolatlangan mexanizm asosida to‘lanadi. Bu tizim tadbirkorlar uchun xodimlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash yukini kamaytirib, mehnat munosabatlarida aniqlik va ishonchni oshirishi kutilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, 2026-yildan boshlab ayollarga homiladorlik nafaqalari, yilning ikkinchi yarmidan esa vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqalari Ijtimoiy himoya jamg‘armasi orqali bosqichma-bosqich to‘lab boriladi. Ushbu tashabbus malakali kadrlarni saqlab qolish va xususiy sektorda bandlik barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi.


