Dunyo davlatlari hamkorlik va ochiqlik siyosatini davom ettirishlari, gegemoniya va proteksionizmning har qanday shakliga qarshi turishlari lozim. Bu haqda XXR raisi Si Szinpin mamlakatning BMTdagi qonuniy mavqei tiklanganining 50 yillik tantanalarida maʼlum qilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, "Hozirda so‘nggi asrlar davomida bo‘lmagan o‘zgarishlar rivojlanishda davom etmoqda. Biz tarixiy tendensiyalarga asoslanib harakat qilishimiz, hamkorlikni saqlashimiz va qarama-qarshilikka bormasligimiz lozim". Shuningdek, Si Szinpin ochiqlik siyosatini davom ettirishga chaqirdi. Uning fikricha, munosabatlarda o‘zaro manfaatli hamkorlik siyosati ustun bo‘lishi muhim.
"Biz gegemoniya, kuch siyosati, bir tomonlamalik va proteksionizmning har qanday shakliga qatʼiyan qarshi chiqishimiz kerak", — deb qo‘shimcha qilgan XXR rahbari.
Avvalroq Jozef Bayden Xitoy bilan sovuq urushni xohlamasligini maʼlum qilgandi. Shuningdek, Si Szinpin Xitoy-AQSH raqobati nizoga aylanmasligi kerakligini aytgandi.
Jahongir Qo'ziyev


