1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

Yakshanba mutolaasi: Bir tomchi yoshdan tug‘ilgan isyon

Zamon.uz Alisher Ibodinovning “Bir tomchi yosh” hikoyasini tavsiya etadi.

Yakshanba mutolaasi:  Bir tomchi yoshdan tug‘ilgan isyon

 

Adabiyot nafaqat bir insonning ichki kayfiyati, balki jamiyatda sodir bo‘ladigan og‘riqlarni ham ifoda etishga qodir. Asl yozuvchining vazifasi ham mana shu.  Biror-bir asarda insoniylik g‘oyasi ilgari surilsa, bu o‘quvchining aqalli dunyoqarashini yaxshi tomonga o‘zgartirsa — muallifning murodi hosil bo‘ladi. 

 

Quyida XX asr o‘zbek nasrida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan ijodkor Alisher Ibodinovning ijodiga yuzlanamiz.

 

Hikoya nega “Bir tomchi yosh” deb nomlangan?

 

Yozuvchi hikoyaning nomi bilan o‘quvchi eʼtiborini tortishga urinadi va buni uddalaydi ham. “Bir tomchi yosh” kitob mutolaasiga butun vujudi bilan sho‘ng‘iydigan, risoladagidek oilada yashashni orzu qilgan qishloqdagi o‘zbek kelini haqida. Asar avvalida hech qanday ko‘zyoshlar-u og‘riqlar haqida so‘z bormasa-da, yozuvchi talqin orqali ayolning amalga oshmagan istaklarini ko‘rsatib beradi. Hikoya tipik o‘zbek oilasi muhitini ko‘z-ko‘z etadi. U qudaning kelinini tikish yo bichishni bilmaydigan, bo‘sh qolgan vaqt esa faqat kitobga termulishidan noliydigan qaynona tasviridan boshlanadi. Syujet esa  odatdagi qishloq kelini mol-xol, echki-buzoq, idish-tovoqdan beri kelmasligi, o‘qishga bo‘lgan intilish, jamiyatda o‘sishga bo‘lgan xohishning esa turli tashqi taʼsirlar bilan zumda so‘ndirilishi orqali boyitib boriladi. Paxtaga chiqqan kelinning uydagi sigir uchun o‘t termagani, buning ortidan keladigan mashmashalarni xayolidan o‘tkazishi ayol ushalmagan orzularining naqadar go‘zal ekanligidan so‘zlaydi.

 

Bu yerda yana bir muhim jihatga eʼtibor qaratish joiz, u ham bo‘lsa qahramonlarga ism tanlash.  Asarga nom tanlash qay darajada ahamiyatli bo‘lsa, epizodlar ismi ham uning salmog‘ini oshiradi. Yozuvchi kelinni Maʼsuma deb atagan. Asarlardagi ismlar qahramonlarning taqdiriga ham bevosita taʼsir etishi bor gap. Ayniqsa, buni atoqli yozuvchi Abdulla Qahhorning “Anor” hikoyasidan anglash qiyin emas.  (Hikoya qahramoni boshqorong‘i bo‘lgan ayoliga anor olib  berolmaydi, erkak kishi bo‘la turib bir ishni uddalolmagan yigit ayni damda o‘zini tuproqdan-da past his etadi. Vaholanki, mohir yozuvchi uning ismini Turob deb atagan edi)

 

Maʼsuma ham chindan maʼsuma ayol. U atrofida sodir bo‘layotgan voqealar yuzasidan hech kimga nolimaydi, hech kimga iddao ham qilmaydi. Faqatgina xayolan ushalmagan orzularini ushaltirib, o‘sha xayollarda mast yashashni biladi xolos. Ayni mana shu ham ayol qarashlarining fojiasiga aylanadi. Hikoya so‘ngida Maʼsuma to‘kkan bir tomchi yosh asarning kulminatsiyasi bo‘lishi mumkin. Uning shu paytgacha aytolmagan muddaolari, orzulari va xohish-istaklari mana shu bir tomchi yosh bilan otilib chiqadi va aynan shu tomchi yosh bilan yerga ko‘miladi. Yozuvchi bu bilan aytilishi kerak bo‘lgan gap vaqtida gapirilishi, bunday jim qarab turish esa oxir-oqibat kishining o‘ziga zarar keltirishi tasvirini mohirona chizadi. Qisqagina hikoya bilan muallif jamiyatning eng katta og‘riqli nuqtasini paypaslab, unga qo‘l tekkizishga botinadi. U ayollarning bilim olishi, taʼlim olishiga bo‘lgan eʼtiborning erkaklarnikidan pastroqda darajalanishi bilan bog‘liq. Bu bilan esa isteʼdodi uvol bo‘lgan qancha maʼsumalarning taqdiri yoziladi. Oxirgi lahzada esa  Maʼsuma o‘zining ko‘z qorachig‘idek asrovchi sheʼr daftarini ariqqa uloqtirishi tasviri orqali esa yozuvchi endi bari befoyda ekanidan to‘ygan alamzada  ayolning suratini muhrlaydi. Xulosa qilib aytganda, Maʼsuma to‘kkan bir tomchi yosh faqat uning jamiyatdagi muhitga bo‘lgan isyoni emas, boshqa maʼsumalar ham to‘kkan alamli tomchilar bo‘lsa ajab emas...

 

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика