Kishi biror bir badiiy asar mutolaasi bilan mashg‘ul bo‘lar ekan, u avvalo nigohni o‘zining olamiga qaratadi. Turli obraz-u ramzlar silsilasidan yaralgan asarlarning so‘ngida o‘quvchi qanday “sovg‘a” olishi haqida juda ko‘p o‘ylaydi. Ana shunday sara hikoyalar muallifi Murod Tillayevdir. Hikoyaning nomi —“Qo‘lqop”.
U, avvalo, o‘quvchi eʼtiborini ramzlar orqali tortish mumkinligini isbot qiladi. Hikoya odamiylik haqida. U insoniylikning eng go‘zal jihatlarini va kezi kelganda eng jirkanch illatlarni qahramonlar timsolida ochib beradi. Judayam chuqurlashishga hojat yo‘q. Hikoya jamiyatda yuz beradigan ayrim voqea-hodisalardan, ularning oqibatlaridan xabardor etadi. U insoniylikni yo‘qotib borayotgan atrofimizdagi ayrim odamlarni xatti-harakatlari orqali ko‘rsatib berishi bilan qimmatlidir.
Hikoya, asosan, uch epizod — yo‘lovchi kampir, yo‘lovchi yigit va konduktor ayol bilan bog‘liq voqealarni qalamga oladi. Syujetning dolzarbligi shundaki, voqealar bugun, Hoziroq ko‘z o‘ngimizda sodir bo‘layotganga o‘xshaydi. Chindan ham atrofimizda begonani o‘z bolasidek ko‘radigan, unga kerak bo‘lsa jonini beradigan insonlar bisyor, shu bilan birga, jamiyatni odamgarchilikdek eng yuksak fazilatning hatto bir zarrasini ham yuqtirmagan kimsalar egallab olgandek...
Hikoya kimgadir yordam berish uchun unga uy qurish yoki pul berish shart emasligini, eng mayda unsurlar ham insonning mitti va ayni damda katta qalbiga baxt atalmish quvonchni hadya eta olishini uqtiradi. Balki shuning uchun ham yozuvchi hikoya avvalida Jaloliddin Rumiydan bebaho misra keltirgandir. Muallif buyuklik aslida soddalikda ekanini, avtobus yoki shu kabi jamoat transportidan foydalanganda kimgadir joy berish ham asli imonning bir ko‘rinishi ekanligini bot-bot uqtiradi. Yana yozuvchi inson ilmning, aql-u zakovatning cho‘qqisini egallagani bilan “inson” bo‘lmasa, uning hamma erishganlari bekor deb bong uradi. Xulosa esa ayni mana shu illat insonning tanazzuliga yetaklashi mumkinligidan ogoh etadi.


