O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Kobul Tursunov tomonidan Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov nomiga senator so‘rovi yuborildi. Bu haqda Senat matbuot xizmati ma’lum qildi.
So‘rovda IMEI-kodlarni ro‘yxatga olish jarayonida yuzaga kelayotgan qator muammolar tilga olingan. Ma’lumki, 2019-yildan boshlab O‘zbekistonda mobil qurilmalarni IMEI-kodi orqali ro‘yxatdan o‘tkazish amaliyoti joriy etilgan. 2024-yildan esa bu jarayonga bojxona deklaratsiyasi orqali kirish talabi qo‘shilgan. Ya’ni, qurilma mamlakatga olib kirilar ekan, unga deklaratsiya rasmiylashtirilmasa, IMEI-kodni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun bojxona qiymatining 30 foizi miqdorida to‘lov undirilmoqda.
So‘nggi vaqtlarda mazkur jarayondagi muammolar ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinmoqda. Xususan, fuqarolar uzimei.uz, my.gov.uz portallari va “BIRDA” ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazish imkoniyatlarining vaqtincha cheklangani, ayrim hollarda xizmat haqlarining asossiz oshirilgani haqida e’tiroz bildirmoqda.
Shuningdek, senator so‘rovda ikkinchi SIM-kartali telefonlar uchun IMEI2-kodni alohida ro‘yxatdan o‘tkazish va ushbu amalni faqat birinchi ro‘yxatga olingan manzilda bajarish zarurati fuqarolar uchun qo‘shimcha qulayliksizliklar va xarajatlar tug‘dirayotgani alohida ta’kidlangan.
Mazkur holatlarni inobatga olgan holda, vazirdan UZIMEI platformasi va mobil ilovalarda yuzaga kelgan texnik muammolarni bartaraf etish, IMEI2 bo‘yicha tartibni soddalashtirish va tizimdagi mavjud byurokratik cheklovlarni yumshatish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan 10 kun muddatda rasmiy axborot taqdim etish so‘ralgan.


