Toshkentdagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida mamlakatimiz davlat mustaqilligining 34 yilligiga bag‘ishlangan tantanali bayram tadbiri bo‘lib o‘tmoqda.
Marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlab, ko‘p millatli xalqimizni hamda xorijdagi vatandoshlarimizni istiqlol bayrami bilan tabrikladi.
Davlat rahbari o‘z chiqishida so‘nggi yillarda “Yangi O‘zbekiston” g‘oyasi asosida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, ularning natijasida xalqimiz erkinlik va imkoniyatlarni amalda his qilayotganini ta’kidladi.
“Biz uch ming yillik boy tarix va madaniyatimizni qaytadan angladik, Birinchi va Ikkinchi Renessans an’analarini davom ettirib, bugun Uchinchi Renessans sari dadil qadamlar tashlamoqdamiz. Ishonchim komilki, Yangi O‘zbekiston davlati va jamiyati tariximizni yangi uyg‘onish davri bilan bog‘lovchi mustahkam ko‘prikka aylanadi”, – dedi Prezident.
Shuningdek, davlatimiz rahbari “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” tamoyili bugun qudratli harakatga aylanganini qayd etdi. Dunyo miqyosida murakkab vaziyat hukm surayotganiga qaramay, mamlakatimiz iqtisodiyoti 6 foizdan yuqori barqaror o‘sayotganini alohida e’tirof etdi.
Prezident, shuningdek, aholining yiliga o‘rtacha 700–800 ming nafarga ortib borayotgani, mehnat bozoriga esa har yili 500–600 ming yosh kirib kelayotganini qayd etdi. Ularni ta’lim va kasb-hunarga jalb etish, bandlikni ta’minlash uchun tizimli ishlar, kafolatli investitsiya va infratuzilma zarurligini ta’kidlab, bu yo‘nalishda aniq dasturlar qabul qilinganini bildirdi.


