1. Bosh sahifa
  2.  / 
  3. O'zbekiston

“Yangi yilga firmalardan rosa mol olgandik” – “Aviasozlar”dan reportaj

13-dekabar kuni "Aviasozlar"(“Kadisheva”) dehqon bozorining 2 qavatli qismida yong'in sodir bo'ldi. Oqibatda, oziq-ovqat, kiyim-kechak mahsulotlari va maishiy texnika hamda boshqa tovarlar yonib kulga aylangan bo'lishi mumkin. Tadbirkorlar ekspertiza ishlari tufayli do‘konlarini ko‘zdan kechirolmadi, ammo ular zarar katta ekanligini aytib, uni qoplab berishni so‘rayapti. Bozor ma’muriyati esa bu borada biron nima deya olmadi. Zamon.uz muxbiri voqea joyidan reportaj tayyorladi.

“Yangi yilga firmalardan rosa mol olgandik” – “Aviasozlar”dan reportaj

 

13 dekabr kuni soat 01:30 larda Yashnobod tumanidagi “Aviasozlar” dehqon bozorida yirik yong‘in kelib chiqdi. Yong‘in qariyb  2 soat davom etgan. Oqibatda oziq-ovqat, kiyim-kechak va boshqa turdagi mahsulotlar yonib ketgan. Toshkent shahar FVBB esa o‘z xabarida bozor hududidagi ma’muriy bino yonayotganini yozgan, aniq ma’lumotlarni keltirmagan. Zamon.uz muxbiri talafot tafsilotlarini o‘rganish uchun manzilga bordi.

 

Savdogarlarning so‘zlariga ko‘ra, bozorning 2 qavatli majmuasida asosan sut-qatiq, oziq-ovqat, parfumeriya mahsulotlari sotilgan. Yuqori qavatda 30 dan ortiq tadbirkorlar bo‘lgan.

 

“Endi  tokdan chiqdi deb o‘ylaymiz. Hamma aytyapti. Tepaning(2-qavat) hammasi yonib ketgan, qancha odamning tovarlari bor edi. Shuncha “rasxod”. Ikkinchi qavatdan chiqqan-da hammasi, pastlar ham yonib ketibdi-ku, xolodilniklar, hamma narsa”- deydi savdogarlardan biri.

 

Uning qo‘shimcha qilishicha,  bir nechta tadbirkorlar 12-dekabr kuni o‘z rastalariga tovar olib kelgan.

 

“O‘g‘limning magazini bor, skladi ham bor. Mening yonimda yana bitta magazin, o‘zimning skladim ham bor. Hammasi kul bo‘lib yonib ketgan. Yangi yilga firmalardan rosa mol olgandik. Agar o‘shani to‘lab bermasa, prezidentgacha chiqaman.


Skladda xo‘jalik tovari bo‘lgan. Bizda parashok, pampers, hamma narsa bo‘lgan. O‘g‘limnikida oziq-ovqat. Mening o‘zimda 65 ming dollarlik molim bor edi. Agar undan ko‘p bo‘lmasa.


Yangi yil oldidan bayram deb bizga firmalardan rosa skidka qilib bergan. 20-dan 25- dekabrgacha ishlamaymiz deb bizga ko‘p mol oldirgan. Skladda oyoq qo‘yishga joy yo‘q edi. To‘la edi. Pampers, parashok, dezodorantlarni rosa oluvdim. Chunki biz “podarochniy nabor” qilardik”- deydi savdogar ayol.


Suhbat davomida boshqa bir tadbirkor 600 million so‘mga yaqin tovari yonib ketganini aytdi.

 

“Men 02:00larda kelgan edim, 50 foizini o‘chirib bo‘lishgan edi. Kelganda hech kimni kirgizishmayotgan edi. Hozir ham kirgizishmayapti. Qancha talafot bo‘lganini bilolmayapmiz-da. Lekin 2-qavat butunlay yonib bo‘lgan. 1-qavat noma’lum, u yerda ham omborxonalarimiz bor edi. Ularga tepa qavatdan suv oqib yotgan edi, zararni kim qoplaydi bunaqa vaziyatda, kimga murojaat qilishimiz kerak? O‘shalarni bilmayapmiz”- deydi tadbirkor.

 

U so‘zi davomida 2-guruh nogironi ekanligini, 15 000 AQSH dollari qarzi borligini bildirdi.



“Kompensatsiyani noma’lum deyishyapti, lekin tushuntirish xati yozib berdik, qancha miqdorda molimiz borligini yozdik. Shu yerda 100 ga yaqin odam oilasini boqadi-da. Endi hozir bizda boshqa pul keladigan joy yo‘q. Do‘konni ayolimning nomiga ochib, yurg‘izayotgan edim”- deydi suhbatdoshimiz.

 

Biz yong‘in ko‘lami va qancha tadbirkor jabrlanganini bilish uchun bozor ma’muriyati vakiliga mikrofon tutdik. U ichkarida ekspertiza ishlari ketayotganini, ma’lumot yo‘qligini bildirdi.

 

“Aniqlik kiritish kerak, hozir bizni ham qo‘yishmayapti”, deydi u.

 

Eslatib o‘tamiz, 11-avgust kuni Toshkent tumanidagi “Uch qahramon” bozorida ham yirik yong‘in yuz bergandi. O‘shanda talofat oqibatida yetkazilgan zarar 6 million dollarga baholangan edi.

Kategoriyalar

Bog'lanish uchun

+998 (71) 207-21-28

Elektron manzil

info@zamon.uz

Shahodatnoma

№1346 Berilgan sana: 28.05.2020

Asoschisi

ООО Master Media Production and Broadcast

Tahririyat manzili

Toshkent sh., Amir Temur shoh ko'chasi, 53 uy

Яндекс.Метрика