Yangi Zelandiyaga Kris Xipkins Bosh vazir bo‘ldi. Bu haqda «Interfaks» nashri yozmoqda.
Xipkins Leyboristlar partiyasi yetakchiligiga yagona nomzod bo‘lgan, shuning uchun ovoz berish faqat rasmiyatchilik uchun o‘tkazilgan. Xipkinsning hukumatdagi o‘rinbosari ijtimoiy rivojlanish vaziri Karmel Sepuloni bo‘ladi.
“Men o‘zimni g‘ayratli his qilyapman va ishga kirishishni intiqlik bilan kutyapman”, — dedi u jurnalistlarga.
Xipkins kelasi hafta chorshanba kuni qasamyod qiladi.
Eslatib o‘tamiz, Yangi Zelandiya sobiq Bosh vaziri Jasinda Ardern shu hafta kutilmaganda o‘z lavozimini tark etish qarorini eʼlon qildi. U bu qarorini qattiq charchagani va mamlakatni boshqarishga kuchi qolmagani bilan izohladi.
44 yoshli yangi Bosh vazir avval sog‘liqni saqlash vaziri lavozimida ishlagan. COVID-19 pandemiyasi paytida Xipkins mamlakatning virusga qarshi choralari va o‘sha davrda sog‘liqni saqlash inqirozini boshqarish uchun javobgar edi.


