Yaponiya ham Markaziy Osiyoning besh davlati bilan sammit o‘tkazmoqchi. Uchrashuv joriy yilning 19-20-dekabr kunlari Tokio shahrida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilmoqda.
Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichi va Markaziy Osiyo davlat yetakchilari o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuvlar tashkil qilinishi ham ko‘rib chiqilmoqda.
Bu rejalar Yaponiyaning hukmron Liberal-demokratik partiyasi (LDP) vitse-prezidenti Taro Aso tomonidan seshanba kuni Yaponiyaga va Markaziy Osiyo mamlakatlariga do‘stlikni mustahkamlashni maqsad qilgan LDP qonunchilari ligasining umumiy yig‘ilishida ma’lum qilindi.
“Oxirgi olti oy ichida Rossiya, Xitoy, AQSh va boshqa davlatlar Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan sammitlar o‘tkazdi. Yaponiya ham bunday sammitni muvaffaqiyatli o‘tkazishi diplomatik jihatdan nihoyatda muhim”, - degan Aso.
Mahalliy “Nipo” nashrining yozishicha, Yaponiya ushbu besh mamlakat bilan aloqalarni rivojlantirishni maqsad qilgan.
“Bu besh davlat — Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston — sobiq Sovet Ittifoqi tarkibida bo‘lgan va Rossiya bilan kuchli tarixiy aloqalarga ega. Shu bilan birga, Xitoy ham so‘nggi yillarda ushbu mamlakatlar bilan aloqalarni sezilarli darajada kengaytirgan.
Yaponiya Xitoy va Rossiyaning ta’sirini kamaytirish maqsadida Markaziy Osiyo davlatlari bilan xalqaro huquq tamoyillariga asoslangan tartibni saqlash va mustahkamlash borasidagi hamkorlikni tasdiqlashni istamoqda”, -deyiladi xabarda.
Bu sammit mintaqaga nima beradi?
O‘tkazilishi rejalashtirilgan sammit va iqtisodiy naflar haqida Zamon.uz muxbiri Shohjahon Majidov iqtisodchi Bekzod Zokirov bilan suhbatlashdi.
Uning aytishicha, Yaponiya Markaziy Osiyo davlatlari uchun geosiyosiy raqobatchi emas, balki barqarorlik va ishonchga asoslangan sheriklik taklif qiladigan mamlakat.
Zokirovga ko‘ra, Yaponiya mintaqa mamlakatlariga “bloklar emas, ko‘priklar” tamoyili asosida munosabatda bo‘ladi. Bu esa Markaziy Osiyo (MO) davlatlari uchun Xitoy va Rossiya ta’sirini muvozanatlashtiruvchi va siyosiy bosimlarsiz hamkorlik qilish imkonini beradi.
“Shu oyda o‘tkazilishi rejalashtirilgan birinchi Yaponiya–Markaziy Osiyo sammiti Yaponiyaning uzoq muddatli hamkorligini yaqqol tasdiqlaydi. Yaponiya global qoidalar, barqarorlik va sifatli rivojlanishga urg‘u beradi va bu MO davlatlari uchun xalqaro maydonda mustaqil ovozga ega bo‘lish imkoniyatini kengaytiradi”, - dedi u.
Iqtisodchi Yaponiyaning mintaqa mamlakatlari uchun eng avvalo infratruzilma, transport va energiya xavfsizligi yo‘nalishlarida berishi mumkinligini alohida ta’kidladi. JICA va JBIC orqali yirik hajmdagi grantlar va past foizli kreditlar bilan infratuzilma qurilishida, xususan temir yo‘llar, shahar transporti, energiya tarmoqlari, suv infratuzilmasi borasida yordam berib keladi.
Bu davlatlarning global bozorlarga chiqish, tranzit salohiyatini kengaytirish va ta’minot zanjiriga integratsiya bo‘lish imkoniyatini kuchaytiradi.
“Dekabr sammitida kutilayotgan dekarbonizatsiya, toza energiya, suv resurslarini boshqarish kabi yo‘nalishlar Markaziy Osiyo davlatlarining uzoq muddatli iqtisodiy barqarorligi bilan mos keladi. Tokio ta’lim, kasbiy tayyorlov, boshqaruv kompetensiyalari va ilmiy almashinuv orqali mintaqaning professional salohiyatini oshirib keladi”, - dedi iqtisodchi Bekzod Zokirov.
Ma’lumot uchun, 2024-yilning avgust oyida Qozog‘istonda Yaponiya-Markaziy Osiyo sammitini o‘tkazish rejalashtirilgan edi. Biroq o‘sha paytda Tinch okeanining Yaponiyaga tutash Nankay jarligida kuchli zilzila yuz berishi mumkinligi haqidagi favqulodda ogohlantirishlar sababli, sobiq bosh vazir Fumio Kisida hukumati ushbu vaziyatga ustuvor ravishda javob berishni ma’qul ko‘rib, sammitni bekor qilgan edi.
2025-yilda uchrashuv o‘tkazish rejalari noyabr oyi oxirida ma’lum bo‘ldi. Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichi bo‘lajak sammitdan tabiiy resurslarga boy davlatlar bilan aloqalarni mustahkamlash, mamlakatning iqtisodiy xavfsizligini kuchaytirish hamda turli sohalarda hamkorlikni rivojlantirish uchun foydalanishni ko‘zlamoqda.
Yaponiya + Markaziy Osiyo bu qanday sammit?
Mazkur sammit dastlab 2004-yilda “Yaponiya + Markaziy Osiyo dialogi” shaklida Tashqi ishlar vazirlari darajasidagi muloqot formati asosida rasman yo‘lga qo‘yilgan. 2006-yildagi Vazirlar yig‘ilishi Tokioda bo‘lib o‘tgan.
2015-yildagi uchrashuv esa Turkmanistonda bo‘lib o‘tgan. 2019-yilda esa mazkur uchrashuv Tojikistonda bo‘lib o‘tgan.
2025-yilning 19-20-dekabr kunlari Tokioda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan sammit boshqalaridan farqi shundaki, bu galgisida tashqi ishlar vazirlari emas, mamlakat rahbarlari ishtirokida amalga oshadi.


