Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri Yashnobod tumanida yuz bergan yo‘l-transport hodisasi oqibatida “Cobalt” rusumli avtomobil yonib ketgani aks etgan videolar tarqaldi. Holat yuzasidan Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi rasmiy ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, hodisa 1-yanvar kuni soat 01:59 da Yashnobod tumani Mahtumquli ko‘chasida, 85/1-uy qarshisida sodir bo‘lgan. Ikki avtomobil ishtirokida yo‘l-transport hodisasi yuz bergan.
To‘qnashuv natijasida “Cobalt” avtomobili yonayotgani haqida Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasiga xabar kelib tushgan. Shundan so‘ng qutqaruv texnikalari voqea joyiga soat 02:08 da yetib borgan.
Yong‘in soat 02:14 da to‘liq o‘chirilgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa oqibatida tan jarohati olganlar aniqlanmagan. Holat yuzasidan tegishli tartibda o‘rganish ishlari olib borilmoqda.


