Moskva viloyatida Putinning shaxsiy qo‘riqchisi bo‘lib ishlagan ofitser o‘z joniga qasd qildi. Bu haqda “Moskovskiy komsomoles” xabar berdi.

20 iyun kuni Krasnogorsk shahrida o‘z kvartirasida 53 yoshli Federal qo‘riqlash xizmatining sobiq polkovnigi Vadim Ziminning yarador topildi. uning so‘nggi ish joyi bojxona xizmati bo‘lgani aytilmoqda. Bundan bir qancha vaqt oldin Zimin pora olishda gumonlangan va uy qamog‘ida saqlanayotgandi. Hozirda sobiq zobit koma holatida va vrachlar uning holatining ijobiy emasligini aytmoqda.
“MK” bilan suhbatlashgan Ziminning tanishlari uning aloqachi bo‘lib xizmat qilganini va ko‘plab “qaynoq nuqta”larda ishlaganini maʼlum qilgan. u og‘ir operatsiyalarni boshdan kechirgani va boshiga titan plastinasi qo‘yilgani qayd etilgan. Shundan so‘ng Zimin Federal qo‘riqlash xizmatiga o‘tkazilgan, bu yerda polkovnik unvonigacha xizmat qilgan. suhbatdoshlarning so‘zlariga ko‘ra, u Rossiyaning birinchi prezidenti Boris Yelsinning aloqa xizmati xodimi bo‘lgan va “yadro qutisi” uchun javobgar hisoblangan. Isteʼfoga chiqqanidan so‘ng Markaziy bojxona boshqarmasida tender komissiyasi raisi lavozimida ishlagan.
Ziminning o‘zi so‘nggi ish joyida rahbari almashganidan so‘ng unga nisbatan jinoiy surishtiruv boshlanganini aytgan. Yangi rahbariyat undan o‘z xohishiga ko‘ra ishdan ketishni talab qilgan, ammo sobiq ofitser rad javobini bergan.
Ayrim maʼlumotlarga ko‘ra, unga ikki holat bo‘yicha ayblov qo‘yilgan: 20 ming rubl va telefon ko‘rinishida hamda migrantdan 3 ming rubl miqdorida pora olish. Shu bilan birga Ziminning yaqinlari avgust oyida sud uni oqlashi mumkinligini taʼkidlagan.
19 iyun kuni Dog‘istondan uning akasi kelgan va advokatdan ish bo‘yicha maʼlumotlarni so‘ragan. Zimin akasining bank kartasidan 10 ming rublga alkogol sotib olgan va 20 iyun kuni o‘z joniga qasd qilish niyati borligini aytgan. Akasi uni bundan qaytarishga harakat qilgan va bundan buyon yordam berib turishini maʼlum qilgan. Shundan keyin Zimin boshqa xonaga o‘tgan va bir qancha vaqtdan so‘ng hushsiz holda topilgan.
Sobiq zobitning turmush o‘rtog‘i hozirda Ukrainadagi qurolli nizo hududida bo‘lib turibdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Zimin so‘nggi vaqtlarda u bilan telefon orqali muloqot qilganda, kambag‘alligidan shikoyat qilgan. U ishi va daromadini yo‘qotib qo‘ygani uchun depressiya holatida bo‘lgan.


