Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel keskinlik kuchayishi xavfi mavjud bo‘lgan Kosovodagi vaziyatning rivojlanishidan xavotir bildirgan va tomonlarni zo‘ravonlik hamda provokatsiyalardan qochishga chaqirgan.
“So‘nggi voqealar Kosovo va Serbiya o‘rtasidagi munosabatlarning yomonlashuviga olib keldi. Buning oqibatlari Kosovo, Serbiya va butun mintaqa aholisi uchun halokatli bo‘lishi mumkin”, — dedi diplomat.
Ikki davlat o‘rtasida avgust oyidan buyon qarama-qarshiliklar kuzatilmoqda, ular, ayniqsa, so‘nggi kunlarda yana-da kuchaygan. Kosovo serblari tomonidan yo‘llarda o‘rnatilgan barrikadalarga to‘xtalib o‘tgan Borrel “Yevropa oilasiga qo‘shilishni istagan hamkorlar tomonidan buning qabul qilinishi mumkin emas. Bu vaziyatni to‘xtatish kerak, to‘siqlarni olib tashlash kerak. Va tinchlikni tiklash zarur”, — deb qayd etdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, har ikki tomon ham deeskalatsiyani boshlashga tayyorligini maʼlum qilgan.


