Yevropa Ittifoqi Rossiyaga ko‘rsatilayotgan yordam sababli Qirg‘izistonga qarshi ilk bor sanksiyalar joriy etish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.
Manbalarga ko‘ra, mazkur choralar Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi bilan bog‘liq sanksiyalarning 20-bosqichi doirasida muhokama qilinmoqda. Agar qaror qabul qilinsa, Qirg‘iziston Rossiyaga yordam bergani uchun Yevropa sanksiyalariga duch kelgan birinchi sobiq Sovet respublikasi bo‘lishi mumkin.
Bloomberg maʼlumotlariga ko‘ra, sanksiyalar Rossiyaga qarshi joriy etilgan cheklovlarni chetlab o‘tishga qarshi qaratiladi. Xususan, Qirg‘izistonga stanoklar va radioelektron uskunalar yetkazib berishni taqiqlash rejalashtirilmoqda. Bu kabi choralar ilk bor Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YEOII) va KXSHT aʼzosi bo‘lgan Markaziy Osiyo davlatiga nisbatan qo‘llanishi mumkin.
Tahlillarga ko‘ra, urush boshlanganidan buyon Qirg‘iziston Yevropadan Rossiyaga sanksiyalangan tovarlar qayta yo‘naltiriladigan muhim savdo markaziga aylangan. Brookings instituti hisob-kitoblariga ko‘ra, Yevropa davlatlaridan Qirg‘izistonga eksport hajmi keskin oshgan.
Shuningdek, Bloomberg maʼlumotiga ko‘ra, yangi sanksiyalar paketi Rossiya banklari, neft kompaniyalari, kriptovalyuta xizmatlari va uchinchi mamlakatlardagi moliyaviy institutlarga nisbatan qo‘shimcha cheklovlarni ham o‘z ichiga olishi mumkin.
Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi Rossiya neftini dengiz orqali tashishni to‘liq taqiqlash masalasini ham muhokama qilmoqda. Bu hozir amalda bo‘lgan “narx chegarasi” mexanizmini almashtirishi mumkin. 1 fevraldan boshlab mazkur narx chegarasi bir barrel uchun 44,1 dollar etib belgilangan.


