Yevropadagi kichik va o‘rta mudofaa korxonalari urush tufayli talab oshganiga qaramay, innovatsiyalarni joriy etish va ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirishda moliyaviy muammolarga duch kelmoqda.
O‘nlab kompaniya vakillari, hukumat amaldorlari va mudofaa sohasi mutaxassislari mazkur muammoni tasdiqladi. Ular Yevropa hukumatlari korxonalar uchun moliyalashtirish imkoniyatlarini yaxshilash yo‘llarini topishi kerakligini bildirishdi.
"So‘nggi paytlarda mudofaa va xavfsizlik sanoati duch kelgan muammolarning aksariyati hamon mavjud yoki hatto kuchayib bormoqda", – deya taʼkidladi Chexiya Mudofaa sanoati uyushmasi raisi Irji Ginek.
Yevropa Komissiyasining 2024 yilgi hisobotiga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi mudofaa sektoridagi kichik va o‘rta korxonalar 1 milliard yevrodan 2 milliard yevrogacha bo‘lgan qarz mablag‘lari taqchilligiga duch kelgan.


