Yevropaning eng yirik porti hisoblangan Niderlandiyaning Rotterdam porti Rossiya bilan ehtimoliy harbiy mojaroga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha amaliy choralarni ko‘rishni boshladi. Bu haqda Financial Times nashri o‘z manbalariga tayanib xabar berganini Oxu.Az portali tarqatdi.
Xabarga ko‘ra, Rotterdam porti hozirda bir qator infratuzilma va logistika choralarini amalga oshirmoqda. Jumladan, harbiy yuklarni tashishga mo‘ljallangan kemalar uchun maxsus joylar ajratilmoqda. Shuningdek, to‘liq harbiy mojaro yuzaga kelgan taqdirda, qurol-yarog‘ va harbiy texnikalarni qayerga yetkazish lozimligini hisoblash ishlari ham olib borilmoqda.
Rotterdam porti bosh direktori Budeveyn Simonsning ta’kidlashicha, bunday holatlarda boshqa yirik portlar bilan o‘zaro hamkorlik muhim ahamiyatga ega bo‘ladi: “Agar katta hajmdagi harbiy yuklarni jo‘natish zarur bo‘lsa, biz Antverpen yoki boshqa portlarga murojaat qilamiz. Endi biz bir-birimizni raqobatchi sifatida emas, balki strategik hamkor sifatida ko‘ryapmiz”, — dedi u.
Mazkur tayyorgarliklar Yevropa Ittifoqining mudofaa sohasida o‘z qudratini mustahkamlash va AQShdan harbiy jihatdan mustaqil bo‘lishga intilishi doirasida olib borilmoqda. Ittifoq mamlakatlari o‘z harbiy salohiyatini kuchaytirish va logistika tizimlarini har qanday favqulodda vaziyatlarga tayyor holga keltirishga e’tibor qaratmoqda.


