Ispaniya, Niderlandiya, Irlandiya va Sloveniya Yevropa radioeshittirishlar ittifoqi (EBU)ning 4-dekabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilishidan so‘ng “Yevrovidenie-2026” xalqaro qo‘shiq tanlovida ishtirok etmaslik to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Ushbu qaror Isroilning musobaqada ishtirokiga oid masala bo‘yicha ovoz berish tashkil etilmagani hamda G‘azo sektorida davom etayotgan harbiy harakatlar bilan bog‘liq ekani ta’kidlanmoqda.
Sloveniyaning RTVSLO telekanali xabariga ko‘ra, bir qator davlatlar — Ispaniya, Chernogoriya, Niderlandiya, Turkiya, Jazoir va Islandiya Isroilning tanlovdagi ishtiroki bo‘yicha yashirin ovoz berish o‘tkazilishini taklif qilgan, biroq bu tashabbus amalga oshmagan.
Bu mamlakatlar ilgari ham G‘azodagi vaziyat tufayli Isroilning “Yevrovidenie”da qatnashishiga norozi ekanini bildirgan edi. Shuningdek, France 24 xabariga ko‘ra, Belgiya, Finlyandiya va Shvetsiya ham tanlovni boykot qilish ehtimolini ilgari surgan.
Shu bilan birga, Britaniyaning BBC va Germaniyaning SWR telekanallari musobaqani translyatsiya qilishda davom etishini ma’lum qilgan.
Ta’kidlash joiz, Rossiya so‘nggi to‘rt yil davomida “Yevrovidenie”dan chetlatilgan bo‘lib, bu mamlakatda qo‘shiq tanlovining milliy muqobili “Intervision” joriy yil sentyabr oyida Moskvada o‘tkazilgan.


