Yevroparlament ko‘pchilik ovoz bilan Rossiyaning Ukrainaga qarshi 2022 yil 24 fevralda boshlangan keng ko‘lamli harbiy amaliyotining bir yilligi to‘g‘risidagi rezolyutsiyani qabul qildi. Bu haqda “Korrespondent” nashri yozmoqda.
Strasburgdagi yalpi majlisda 444 deputat hujjatni yoqlab, 26 nafari qarshi , 37 nafari betaraf ovoz berdi.
Shu munosabat bilan Yevroparlament Yevropa Ittifoqi davlatlari, AQSH, Buyuk Britaniya va Kanadani Ukrainani zamonaviy jangovar tanklar bilan taʼminlash bo‘yicha o‘z majburiyatlarini imkon qadar tezroq bajarishga chaqirdi.
Yevroparlament, shuningdek, Rossiyadan “Ukraina va boshqa qo‘shni davlatlarning suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini buzish yoki tahdid qilishni butunlay to‘xtatishni” talab qildi.
“Rossiya agressiyasi faqat Ukraina bilan cheklanib qolmaydi. Chunki u Yevropa Ittifoqining barcha Sharqiy sheriklik mamlakatlari, xususan, Moldova Respublikasi xavfsizligi va iqtisodiyotiga salbiy taʼsir ko‘rsatmoqda”, — deb taʼkidladi parlament deputatlari.


