Nashr jurnalistlariga maʼlum bo‘lishicha, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari Tashqi ishlar vazirlari 28-29 avgust kunlari Yevropa Kengashiga raislik qilayotgan Vengriya tomonidan o‘tkazilayotgan Tashqi ishlar vazirlari sammitini boykot qilishning o‘ziga xos usulini o‘ylab topishgan.
Vaziyat haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri maʼlumotga ega bo‘lgan uch diplomatning so‘zlariga ko‘ra, YI Tashqi siyosati rahbari Jozep Borrel Vengriyadagi sammit bilan parallel ravishda o‘tkaziladigan tashqi ishlar kengashiga vazirlarni taklif qilishini rejalashtirmoqda. Ushbu reja Yevropa Ittifoqining bir qancha davlatlari, jumladan Fransiya va Germaniya tomonidan norasmiy ravishda maʼqullangan va Borrell jamoasi chorshanba kuni uni Yevropa Ittifoqining 27 davlati doimiy vakillari bilan muhokama qilishi kutilmoqda.
Bu harakatga sabab, YI rahbariyatining Vengriya Yevropa Kengashiga raislik qilishiga qaramay, Orbanning ittifoq nomidan Moskva bilan muzokaralar olib borish vakolatiga ega emasligini bildirishdir.
"Vengriyadagi sammitni boykot qilish orqali Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vazirlari Budapesht YI nomidan gapirmasligi haqida aniq signal berishni rejalashtirmoqda. Agar Borrell tomonidan tashkil etiladigan tashqi ishlar kengashi xuddi shu kuni bo‘lib o‘tsa, vazirlar Budapeshtga bora olmaydi", — degan Politico manbasi.
Vengriya bosh vaziri Viktor Orban iyul oyining boshida Ukraina, Rossiya va Xitoyda bo‘lib, u yerda ushbu davlatlar rahbarlari bilan Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha pozitsiyalarini muhokama qildi. Orban, shuningdek, 12-iyul kuni AQSHda prezidentlikka nomzod Donald Tramp bilan ham uchrashdi.


