Ayni kunlarda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan «Yil o‘qituvchisi» tanlovining ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tyapti.
Unda butun respublika bo‘yicha 624 nafar (har bir tuman (shahar)dan 3 nafardan) pedagog o‘zaro kuch sinashmoqda.
Sinov shartlari juda oddiy va o‘z o‘rnida murakkkab ham: nomzodlar o‘z fani bo‘yicha dars o‘tishadi hamda kimning darslarni o‘tish, o‘quvchilar bilan ishlash, ularni darsga qiziqtirish mahorati eng yuqori baholansa — o‘sha ustozlar keyingi bosqichda qatnashadi.
Aytgancha, oldinda yana bir (uchinchi) sinov sharti bor va undan o‘tgan 208 tuman (shahar)dan bir nafardan o‘qituvchi qariyb 600 mln pul sohibiga aylanadi.
Ikkinchi bosqich sinovlarini hakamlar hayʼati bilan birgalikda nomzod istiqomat qiluvchi tuman (shahar)da faoliyat yuritayotgan pedagoglar ham ovoz berish yo‘li orqali baholab boradi.
Bunda hakamlar 60 ballik tizim asosida, ovoz beruvchi o‘qituvchilar esa 40 ballik tizimda baholaydi.
Dars o‘tish jarayonlari (45 daqiqalik) uzluksiz, to‘liq va montajsiz tarzda videokameraga yozib olinib, pedagog.uzedu.uz platformasiga joylanadi. Undan keyin shu platforma orqali ovoz berish bo‘lib o‘tadi.
Shu tariqa hakamlar hayʼati va pedagoglar tomonidan berilgan ballar asosida nomzodning umumiy natijasi shakllantiriladi.
Ikkinchi bosqich yakunlariga ko‘ra, har bir tuman (shahar)dan eng yuqori ball to‘plagan 2 nafar nomzod tanlovning uchinchi bosqichida ishtirok etish uchun tavsiya etiladi.
Yana bir bor aytib o‘tamiz: tanlov yakunlari bo‘yicha har bir tuman (shahar) bo‘yicha birinchi o‘rinni egallagan g‘olib pedagoglar bazaviy hisoblash miqdorining 1 400 baravari (hozirgi vaqtda 576 mln 800 ming so‘m)ga teng pul mukofoti bilan taqdirlanadi.


