UNICEF so‘nggi kunlarda G‘azo sektoriga minglab maktab va dam olish to‘plamlari yetkazib berilganini ma’lum qildi. Tashkilot bu holatni deyarli ikki yil davom etgan ta’lim materiallari bo‘yicha cheklovlardan keyingi muhim burilish nuqtasi sifatida baholamoqda. Bu haqda A News xabar berdi.
UNICEF vakili Jeyms Elderning aytishicha, ushbu yordam bolalar uchun ta’limni qayta tiklash yo‘lidagi eng zarur qadam hisoblanadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirga qadar G‘azoga 4 400 dan ortiq dam olish to‘plamlari va yuzlab qutilarda maktab anjomlari yetkazilgan. Yaqin kunlarda esa yana minglab o‘quv to‘plamlari olib kelinishi rejalashtirilgan. Ushbu maktab to‘plamlari daftarlar, yozuv qurollari, doskalar, globuslar va sinfxonalarni minimal darajada jihozlash uchun zarur vositalarni o‘z ichiga oladi.
UNICEF ta’kidlashicha, 2023-yil oktyabr oyidan buyon G‘azoda 700 mingdan ortiq maktab yoshidagi bola rasmiy ta’limdan chetda qolgan. Hududdagi maktablarning katta qismi vayron bo‘lgani sababli, ko‘plab bolalar vaqtinchalik chodirlarda yoki moslashmagan joylarda tahsil olishga majbur bo‘lgan. Hozirda tashkilot 110 dan ortiq ta’lim maskanida 135 mingdan ziyod bolani qo‘llab-quvvatlamoqda.
UNICEF kelgusi yillarda bolalarni bosqichma-bosqich yuzma-yuz ta’limga qaytarishni maqsad qilgan. 2026-yilda o‘qishga qaytadigan bolalar sonini keskin oshirish, 2027-yilga borib esa barcha maktab yoshidagi bolalar uchun ta’lim imkonini tiklash rejalashtirilmoqda. Tashkilot vakillariga ko‘ra, ta’lim va xavfsiz boshpana bilan ta’minlash G‘azodagi bolalar kelajagini saqlab qolish uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega.


