Toshkent shahrida madaniyat va san’at sohasidagi nufuzli loyiha — “Yangi O‘zbekiston yulduzlari” milliy mukofotining tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. To‘rtinchi bor o‘tkazilgan ushbu mukofot bu yil keng qamrovli va yangicha ruhda tashkil etildi.

Tadbirning eng muhim yangiligi — ilk bor “Yilning eng yaxshi xorijdagi o‘zbek madaniyati targ‘ibotchisi” nominatsiyasi joriy etildi. Bu esa mukofotning xalqaro miqyosga chiqayotganidan dalolat beradi. Mazkur nominatsiya bo‘yicha g‘olib Arman Nurmaxamatuli (Qozog‘iston) deb topildi.

Marosimda Ozarbayjon, Tojikiston, Boshqirdiston kabi davlatlardan taniqli san’atkorlar ishtirok etdi. Jumladan, “Homay” qo‘shig‘i bilan dunyoda mashhur bo‘lgan Ay Yola guruhi, Nigina Amonqulova, Mensum Ibrohimov va Gulyanaq Memedova mehmon bo‘ldi.
Ochiq ovoz berish asosida 20 ta nominatsiya bo‘yicha 20 nafar ijodkor g‘olib deb topildi. Ular orasida maqom, opera, estrada, teatr, kino, folklor, raqs, sirk va tasviriy san’at yo‘nalishidagi yetuk ijodkorlar bor.

G‘oliblarga maxsus statuetka, sertifikat hamda bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida pul mukofoti topshirildi.
Tantanali marosim poytaxtdagi “Renessans Hall” binosida bo‘lib o‘tdi. Mukofot O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari ijrosi doirasida muntazam o‘tkazib kelinmoqda.


