3-4 mart kunlari "BMT Global aksilterror strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Qo‘shma harakatlar rejasi doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqaviy hamkorligi" mavzusida konferensiya bo‘lib o‘tdi. Terrorizm xavfining tobora o‘sib borishi sharoitida o‘tkazilgan bu nufuzli tadbirda bir qancha muhim tashabbuslar ilgari surildi.
Prezident taklifi
3-mart kuni Shavkat Mirziyoyevning konferensiya ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatnomasida quyidagi muhim takliflar berildi:
— Markaziy Osiyoda kiberterrorizm bo‘yicha yagona elektron tarmoq yaratish;
— BMTning terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi shafeligida Mintaqaviy ekspertlar kengashini tuzish;
— Yoshlarni radikal mafkuraga qarshi kurashish jarayoniga jalb etish maqsadida 2023-yilda Samarqandda Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarining doimiy Yoshlar Kengashini chaqirish.
Oxirgi punkt, ayniqsa, katta ahamiyatga ega. Prezident qayd etganidek, bu terrorizmga qarshi kurashning eng samarali yo‘l.
“Mamlakat kelajagi yosh avlodga, uning qanday taʼlim-tarbiya olishi va yoshlar uchun qanday “ijtimoiy lift”lar yaratilishiga bog‘liqligini taʼkidlagan”, – deyilgan murojaatnomada.
Guterrish tashabbusi: o‘zaro ishonch, umid va inson huquqlariga asoslangan jamiyat
BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish o‘z nutqida terrorizmga qarshi kurash va xavfsizlik masalalari inson huquqlarini himoya qilish va rivojlantirishga doir ishlarsiz amalga oshmasligini bildirdi.
“Insoniyatga qo‘rquv, terror va ishonchsizlikka emas, balki o‘zaro ishonch, umid va inson huquqlariga asoslangan jamiyatlar kerak”, – dedi bosh kotib.
Guterrish terror tarqalishi uchun asos bo‘ladigan omillar sifatida kambag‘allik, zo‘ravonlik va himoyasizlikni ko‘rsatdi. Bunga yaqqol misol sifatida Afg‘onistondagi vaziyat keltirib o‘tildi.
SHHT: Markaziy Osiyo davlatlari terrorizmga qarshi kurashga katta hissa qo‘shmoqda
Konferensiyada chiqish qilgan Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Chjan Min tashkilot ushbu global tahdidga qarshi kurash bo‘yicha hamkorlikni kengaytirayotganini maʼlum qildi. Uning fikricha,BMTning terrorga qarshi harakatlari dunyoda tinchlik va xavfsizlikda markaziy va muvofiqlashtiruvchi rol o‘ynaydi.
“Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash barcha davlatlar o‘rtasida birgalikda harakatlarni, shuningdek, keng qamrovli xalqaro hamkorlikni talab etadi”, – dedi Chjan Min.
Shu bilan birga u ham yoshlar orasida buzg‘unchi g‘oyalar tarqalishining oldini olish muhim ekanini taʼkidladi. Bu ayniqsa, SHHT davlatlari uchun dolzarb. Chunki, Minning so‘zlariga ko‘ra,tashkilotga aʼzo mamlakatlarda 15 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan 800 million kishi istiqomat qiladi.
Tadbirning ikkinchi kunida nutq so‘zlagan O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi boshlig‘i Rustam Hotamov Respublikada terrorizmga qarshi kurash doirasida olib borilgan keng ko‘lamli ishlar haqida maʼlumot berdi. xususan, O‘zbekiston shu kungacha terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha 14 ta universal turdagi xalqaro-huquqiy hujjatlarga qo‘shildi. Shuningdek, ushbu yo‘nalishda BMT, YEXHT, MDH va SHHT bilan faol hamkorlik olib borilmoqda.
Hotamov terrorga qarshi kurashda muhim tashabbusni ilgari surdi. Xususan, mintaqa davlatlarida faoliyat olib boradigan ekspertlar va ilmiy xodimlar hamkorligi taklif qilindi.


